Yana 3 ta viloyatda anomal issiq sabab bogʻchalar faoliyati vaqtincha toʻxtatildi

Yana 3 ta viloyatda anomal issiq sabab bogʻchalar faoliyati vaqtincha toʻxtatildi

Anomal issiq sabab 15-iyuldan Buxoro, Fargʻona va Qashqadaryo viloyatlaridagi barcha bogʻchalar faoliyati toʻxtatildi. Bu haqda viloyatlar hokimliklari matbuot xizmatlari xabar berdi.

 

Maʼlum qilinishicha, hududda hafta davomida havo haroratining 44–45 darajagacha koʻtarilishi prognoz qilinmoqda. Bolalar salomatligini asrash va ularni jazirama issiqning salbiy taʼsiridan himoyalash maqsadida bogʻchalar vaqtincha yopilmoqda. Bu boʻyicha viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi xulosasi keltirilgan.

 

Xabarga koʻra, 2026-yil 20-iyul (dushanba) kunidan boshlab odatiy tartibda oʻz faoliyatini davom ettiradi.

 

“Farzandlaringiz salomatligiga alohida eʼtibor qaratishingizni, kunning eng issiq vaqtlarida ularning ochiq havoda uzoq vaqt boʻlishiga yoʻl qoʻymasligingizni, yetarli miqdorda suyuqlik isteʼmol qilishini taʼminlashingizni hamda shifokorlar tavsiyalariga qatʼiy amal qilishingizni soʻraymiz”, — deyiladi axborot xizmatlari xabarida.

 

Avvalroq, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi anomal issiq kunlarda bogʻchalarni vaqtincha yopish masalasi koʻrib chiqilayotgani va bu borada hokimliklar, Sanepidqoʻmita va “Oʻzgidromet” bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani haqida maʼlum qilgan edi.

 

Maʼlumot uchun, bundan oldin Qoraqalpogʻiston, Xorazm va Navoiy viloyatlaridagi bogʻchalar faoliyati ham vaqtincha toʻxtatilgan edi.