Bilim va malakalarni baholash agentligi 17–19-iyul kunlari Nurafshon shahridagi binoda test sinovi topshiradigan abituriyentlarni ogohlantirdi. Ushbu kunlarda Toshkent shahridan Nurafshonga olib boruvchi magistral yo‘lning ayrim qismlarida transport harakati vaqtincha cheklanadi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qilishicha, 2026-yil 17, 18 va 19-iyul kunlari Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi binoda test sinovlarini topshiradigan abituriyentlar yo‘llardagi vaqtinchalik cheklovlarni inobatga olishlari lozim.
Qayd etilishicha, mazkur kunlarda Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga olib boruvchi katta magistral yo‘lning Qo‘yliq katta bozori va Food City chorrahalari oralig‘ida transport vositalari harakati cheklanadi.
Shu munosabat bilan abituriyentlarga:
– yo‘nalishini oldindan rejalashtirish;
– muqobil va ishonchli yo‘llardan foydalanish;
– tirbandliklarni hisobga olib, test manziliga ertaroq yo‘lga chiqishni tavsiya etiladi.
Eslatib oʻtamiz, Oliy taʼlim muassasalariga kirish test sinovlari joriy yilda ham ikki smenada oʻtkaziladi. Bunda birinchi smena soat 8:00, ikkinchi smena esa soat 15:00 da boshlanadi.
Barcha abituriyentlardan vaqtinchalik transport cheklovlarini inobatga olgan holda harakatlanish va test sinovlariga belgilangan vaqtda yetib kelishni so‘raladi.
Avvalroq, abituriyentlar imtihon hududiga necha soat oldin yetib kelishi kerakligi haqida xabar bergan edik.
