Apellyatsiya yakunlandi, «Vazir jamg‘armasi» tanlovining yakuniy natijalari bilan qanday tanishish mumkin?

Apellyatsiya yakunlandi, «Vazir jamg‘armasi» tanlovining yakuniy natijalari bilan qanday tanishish mumkin?

“Vazir jamgʻarmasi” tanlovi bo‘yicha apellyatsiya jarayoni yakunlandi. Endilikda pedagoglar yakuniy ballari va reytingdagi o‘rni bilan pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy kabineti orqali tanishishlari mumkin

 

Xabar berganimizdek, Vazir jamgʻarmasi hisobidan ustama olish uchun saralashning ikkinchi bosqichida ishtirok etadigan pedagoglar bilan suhbatlar 2–6-iyun kunlari hududiy Pedagogik mahorat markazlarida oʻtkazilgan edi.

 

Maʼlum qilinishicha, “Vazir jamgʻarmasi” tanlovi doirasida kelib tushgan barcha apellyatsiya murojaatlari mutaxassislar tomonidan toʻliq koʻrib chiqilib, jarayon yakuniga yetdi.

 

Endilikda nomzodlar pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy kabinetining “Tanlovlarim” boʻlimi orqali yakuniy ballari hamda reytingdagi oʻrni bilan tanishishlari mumkin.

 

Apellyatsiya yakunlandi, "Vazir jamg‘armasi" tanlovining yakuniy natijalari bilan qanday tanishish mumkin?

Shuningdek, ustamaga tavsiya etilgan yoki etilmagani toʻgʻrisidagi yakuniy qaror nomzodning toʻplagan balli va reytingdagi oʻrnidan kelib chiqib qabul qilinadi. Bu haqdagi rasmiy xabarnoma yaqin kunlarda pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy kabinet orqali yuboriladi.

 

Eslatib oʻtamiz, Vazir jamgʻarmasi hisobidan ustama toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, suhbat natijalaridan norozi boʻlgan nomzodlar natijalar eʼlon qilingan vaqtdan boshlab 48 soat ichida apellyatsiya berish huquqiga ega edi. Apellyatsiya nomzod ishtirokisiz, suhbatning videoyozuvi, elektron baholash maʼlumotlari va komissiya bayonnomasi asosida koʻrib chiqilgan.

 

Nizomga koʻra, apellyatsiya komissiyasi murojaatni koʻrib chiqish yakunida suhbat natijasini oʻzgarishsiz qoldirish yoki aniqlangan xatoliklar asosida natijani qayta koʻrib chiqib, oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin. Zarurat tugʻilganda qayta hisoblangan natijalar asosida nomzodlarning reytingi yangilanadi hamda apellyatsiya natijalari shaxsiy kabinet orqali rasmiy xabarnoma shaklida yetkaziladi.