Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturining g‘oliblarini mukofotlash hamda Milliy kitobxonlik harakatiga start berish marosimlarida ishtirok etdi. Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
«Sifatli davlat boshqaruvi» tanlov doirasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi boʻlim boshligʻi Fazliddin Moʻminov eng namunali maʼmuriy xodim va Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi loyiha ofisi rahbari Akbarxon Sobirxonov eng namunali isteʼdodli yosh xodim sifatida g’olib deb topildi.
Prezidentimiz barcha gʻoliblarning lavozimlarini bir pogʻona koʻtarib, rahbar kadrlar zaxirasiga kiritishni taklif qildi. Ularning teran fikrlashi, oʻz ustida doimiy ishlashi, mehnat faoliyatiga innovatsion yondashuvlarni joriy qilishi boshqalar uchun oʻrnak ekani taʼkidlandi.
«Bugungi tadbirda yaxshi natija koʻrsatganlarni eʼtirof etyapmiz. Biroq kelgusi safardan boshlab roʻyxatning oxirida qolgan davlat idoralari nomini ham ochiq aytamiz.
Faoliyatida jiddiy kamchiliklar koʻzga tashlanayotgan, samaradorlik va xizmat sifati boʻyicha oqsayotgan tashkilotlar bundan oʻziga jiddiy xulosa chiqarishi kerak», – dedi Prezident.
Endi “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi har ikki yilda o‘tkazilib, kelgusi bosqichdan unda mahalliy hokimliklar ham ishtirok etishi belgilandi.
Shuningdek, ushbu tadbir davomida Prezident yillik mukofoti 240 ming dollarlik “Milliy kitobxonlik harakati” ga start berdi.
