Pedagog kadrlar kasbiy sertifikatlash natijalari yuzasidan apellyatsiya yuborishi mumkin

Pedagog kadrlar kasbiy sertifikatlash natijalari yuzasidan apellyatsiya yuborishi mumkin

2026-yil 13-may kuni pedagog kadrlarni kasbiy sertifikatlash nazorat sinovlari boʻlib oʻtdi. Natijalardan norozi boʻlgan talabgorlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali apellyatsiya yuborishlari mumkin.

 

Xabaringiz bor, 13-may kuni 2026-yilgi pedagog kadrlarni kasbiy sertifikatlash nazorat sinovlari boʻlib oʻtdi.

 

Mazkur sinov natijalaridan norozi boʻlgan talabgor natija eʼlon qilingan kundan boshlab besh kun mobaynida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali apellyatsiya berishi mumkin.

 

Kasbiy sertifikat testlari yuzasidan apellyatsiya yuborish uchun quyidagi bosqichlar bajariladi:

 

My.gov.uz ilovasiga kiriladi;

 

— Qidiruv boʻlimi tanlanadi;

 

— “Pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash imtihoni natijalari yuzasidan apellyatsiya berish” xizmati tanlanadi;

 

— Murojaat raqami kiritiladi;

 

— Apellyatsiya formasi toʻldiriladi;

 

— Yuborish tugmasi bosiladi.

 

Amaldagi tartibga koʻra, apellyatsiya shikoyati ikki hafta mobaynida koʻrib chiqiladi va talabgor Apellyatsiya komissiyasi qarori toʻgʻrisida YIDXP orqali xabardor qilinadi.

 

Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:

 

— nazorat sinovi natijasini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiya shikoyati qondirilishini rad etish;

 

— nazorat sinovi natijasini oʻzgartirish va apellyatsiya shikoyatini qondirish.

 

Nazorat sinovi natijasini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilishini rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:

 

— apellyatsiya mazkur Reglament talablari buzilgan holda taqdim etilgan boʻlsa;

 

— apellyatsiyada koʻrsatilgan dalillar oʻz tasdigʻini topmasa.

 

Nazorat sinovi natijasini oʻzgartirish va apellyatsiya shikoyatini qondirish toʻgʻrisidagi qaror shikoyatda koʻrsatilgan dalillar oʻz tasdigʻini topgan taqdirda qabul qilinadi.

 

Appelyatsiya natijalariga koʻra talabgorning eʼtirozlari oʻrinli deb topilgan taqdirda, notoʻgʻri tuzilgan topshiriq uchun beriladigan ball mazkur topshiriq berilgan barcha talabgorlar foydasiga qoʻshib hisoblanadi.