BMBA tarixdan milliy sertifikat testlarining tarqalgani bo’yicha izoh berdi

BMBA tarixdan milliy sertifikat testlarining tarqalgani bo’yicha izoh berdi

Soʻnggi kunlarda tarix fanidan milliy sertifikat imtihonlari test topshiriqlarining oldindan tarqalganligi haqida taxminlar paydo boʻldi. Bilimni baholash agentligi mazkur holatga rasmiy munosabat bildirib, test materiallarining maxfiyligi taʼminlanganini maʼlum qildi.

 

Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va ayrim internet nashrlarida tarix fanidan milliy sertifikat imtihonlari bilan bogʻliq test topshiriqlari oldindan tarqalgan boʻlishi mumkinligi haqida turli taxminlar bildirilmoqda.

 

Mazkur holat yuzasidan Bilimni va malakalarni baholash agentligi rasmiy munosabat bildirdi.

 

Maʼlum qilinishicha, tarix fanidan milliy sertifikat imtihonlari bir nechta smenada, keng qamrovli test bazasi asosida tashkil etilgan. Agentlikda test topshiriqlarining maxfiyligini taʼminlash boʻyicha barcha tashkiliy va texnik xavfsizlik choralari koʻrilgan.

 

Shuningdek, milliy sertifikat imtihonlarining test natijalari xalqaro metodika – Rash modeli asosida hisoblanishi, bunda imtihon natijalarining klassik va zamonaviy test nazariyalari boʻyicha statistik tahlili amalga oshirilishi taʼkidlangan.

 

“Tarix fanidan milliy sertifikat imtihonlari natijalarining statistik tahlilida testologiya meʼyorlarining buzilishi yoki taqsimotning normal taqsimotdan keskin farq qilishi bilan bogʻliq holatlar aniqlanmadi” — deydi rasmiylar.

 

Xalqaro amaliyotda ham bunday holatlar boʻyicha yakuniy xulosa rasmiy tekshiruvlar va statistik tahlil natijalariga asoslangan holda qabul qilinadi.

 

Shu bilan birga, agentlik test sinovlarida adolat va shaffoflikni taʼminlashni oʻzining ustuvor vazifasi deb bilishini va oʻz faoliyati bilan bogʻliq har qanday asosli murojaatlarni koʻrib chiqish uchun ochiqligini maʼlum qilgan.

 

“Test materiallarining noqonuniy tarqatilishi yoki sotilishiga oid aniq dalillar mavjud boʻlgan taqdirda, ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etishni, aniq dalillar boʻlmagan taqdirda, asossiz taxminlar orqali jamoatchilikda notoʻgʻri tasavvur uygʻotmaslikni soʻraydi”— deyiladi rasmiy munosabatda.

 

Avvalroq, tarix fanidan milliy sertifikat imtihon savollarining X-variantlari tarqalgani haqidagi xabarlar yuzasidan agentlik izoh bergan edi.