Samarqanddagi xususiy bog‘chada bolaga qo‘l ko‘targan tarbiyachiga chora ko‘rildi

Samarqanddagi xususiy bog‘chada bolaga qo‘l ko‘targan tarbiyachiga chora ko‘rildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi xususiy bog‘chada tarbiyachi tomonidan bolaga nisbatan qo‘l ko‘tarilgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganilib, tarbiyachi bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

 

Ma’lum qilinishicha, holat “Madina Ko‘zmunchoq” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan. Mazkur bog‘cha 2019-yil avgust oyidan buyon litsenziya asosida faoliyat yuritib keladi. Hozirda muassasada 6 ta guruhda jami 147 nafar tarbiyalanuvchi ta’lim-tarbiya olmoqda.

 

O‘rganishlar davomida joriy yilning 20-aprel kuni o‘rta guruh tarbiyachisi M.D. tomonidan tarbiyalanuvchiga nisbatan qo‘l ko‘tarilgani aniqlangan.

 

Mazkur holat yuzasidan 2026-yil 23-aprel kuni tarbiyachi M.D. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

 

Hozirda holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganilmoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzozaxon Karimova bolalar bogʻchalarida tarbiyalanuvchilarga nisbatan zoʻravonlik qilgan xodimlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani va bundan keyin zoʻravonlik holatlari shunchaki ishdan boʻshatish bilan yakunlanmasligini maʼlum qilgan edi.