Endi ta’lim muassasalarida huquqiy bilimlar videoroliklar orqali o‘rgatiladi

Endi ta’lim muassasalarida huquqiy bilimlar videoroliklar orqali o‘rgatiladi

Oilada va ta’lim muassasalarida huquqiy tarbiyani va huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida huquqiy mavzularga bag‘ishlangan videoroliklar ishlab chiqib, ularni keng targ‘ib qilinadi.

 

Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-apreldagi “2026-2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 202-sonli qarori qabul qilindi.

 

Ushbu dastur quyidagi chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi:

 

  1. Shaxs, davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarida aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish;
  2. Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda huquqiy targ‘ibotning innovatsion usullarini joriy qilish;
  3. Aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishda OAVning rolini kuchaytirish;
  4. Huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslarini tadqiq etish.

 

Qaror ilovasiga ko‘ra, oilada va ta’lim muassasalarida huquqiy tarbiyani va huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida 2026-yil davomida bolalar o‘rtasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida huquqiy mavzularga bag‘ishlangan videoroliklar targ‘ib qilinadi.

 

Mazkur videoroliklarga quyidagi mavzular yoritilishi nazarda tutiladi:

 

  • atrof-muhitni muhofaza qilish va unga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish;
  • ta’lim jarayonida darslarga muntazam qatnashish va o‘qishga mas’uliyatli yondashish;
  • yo‘l harakati qoidalariga rioya etishning shaxsiy xavfsizlik va jamoat tartibini ta’minlashdagi ahamiyati;
  • internet jahon axborot tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish, kiberxavfsizlik qoidalariga amal qilish;
  • oilada, maktabda va jamoatda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglikka rioya qilish;
  • huquqbuzarliklarning oldini olish, mas’uliyat va javobgarlik tushunchalari;
  • bolalarning huquq va majburiyatlari, ularni bilish va ularga rioya etishning ahamiyati;
  • sog‘lom ekologik muhitni ta’minlashda yoshlarning faol ishtiroki;
  • milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan yondashish, yot g‘oyalardan ehtiyot bo‘lish va boshqa huquqiy mavzular.

 

Videoroliklarni tayyorlash va ularni ta’lim muassasalari, OAV, ijtimoiy tarmoqlar hamda boshqa kommunikatsiya vositalari orqali muntazam ravishda tarqatiladi.

 

2026-2027-yil sentyabr oyida yoshlar o‘rtasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida “Yoshlar va qonun” tanlovini tashkil qilish belgilangan.

 

Dastur bo‘yicha joriy yil oktyabrda bolalar uchun huquqiy, mantiqiy, ko‘ngilochar interaktiv portal – bolahuquqlari.uz faoliyatini takomillashtirish choralari ko‘riladi. Jumladan:

 

  • portalda bolalarning yoshi va qiziqishlariga mos, ularning huquqiy bilimlarini sinovdan o‘tkazish, mustahkamlash va chuqurlashtirishga xizmat qiluvchi interaktiv huquqiy o‘yinlar sonini oshirish;
  • huquqiy mavzularda animatsion shakldagi videoroliklar ishlab chiqish va ularni portalga joylashtirish orqali kontent hajmi va sifatini oshirish;
  • portalda joylashtirilayotgan materiallar muntazam ravishda yangilanib, ularning shakl va mazmuni bolalar uchun tushunarli, qiziqarli va interaktiv bo‘lishini ta’minlash kiradi.

 

Shuningdek, 2026-2027-yillar davomida yoshlarning intellektual salohiyatini, bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida ular o‘rtasida “Intellektual marafon” loyihasi tashkil etiladi.

 

Bunda “Zukko kitobxon” tanlovi, “Zakovat” intellektual tanlovi va “Huquq va mantiq chizig‘i”ni test tanlovini tashkil etish hamda shaxmat va shashka musobaqalarini o‘tkazishni qamrab oladi.