Angren shahar 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Malika Xoliqberdiyeva IELTS xalqaro imtihonidan 8.5 ball olib, yuqori natijani qo‘lga kiritdi.
E’tiborlisi, u ingliz tilini uch yil oldin boshlagan bo‘lib, qisqa muddat ichida yuqori darajaga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
O‘quvchi IELTS imtihonining turli qismlaridan quyidagicha natija qayd etgan:
Listening — 9.0
Reading — 9.0
Writing — 8.0
Speaking — 7.5
Overall: 8.5 (C2)
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchidan ayrim savollarga javob oldi. Malika Xoliqberdiyeva IELTS imtihoniga tayyorgarlik jarayoni, strategiyalari va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“IELTS — ingliz tilini boshlashimning asosiy sababi bo‘lgan”
Malikaning aytishicha, u ingliz tilini aniq maqsad bilan boshlagan:
“2023-yil boshida, 6-sinfligimda ingliz tilini boshlaganman. IELTS olish fikri ingliz tilini boshlashimning asosiy sababi edi. IELTS preparation’ga taxminan 1,5 yil vaqt ketdi”.
“O‘zimni sinab ko‘rishni xohladim”
U uchun IELTS majburiyat emas, balki o‘zini sinovdan o‘tkazish imkoniyati bo‘lgan:
“Ingliz tilini erta boshlaganim uchun o‘zimni sinab ko‘rishni xohladim va o‘zimni tayyor his qildim”.
“Kuniga kamida 6–7 soat IELTS ustida ishlardim”
Malika vaqtni to‘g‘ri taqsimlash orqali ushbu natijaga erishganini ta’kidlaydi:
“Maktab darslaridan tashqari bo‘sh vaqtimning hammasini IELTS’ga sarfladim. Kuniga kamida 6–7 soatdan vaqt ajratar edim.”
U o‘z tayyorgarligida turli manbalardan foydalangan:
“Podcast’lar, article’lar, Kohinur IELTS practice kitoblari va online CD vebsaytlar orqali ishladim”.
“Listening’da — diqqat, Reading’da esa — “vaqtni boshqarish” hal qiluvchi omil”
Malika listening va reading bo‘limlaridan yuqori natija olishining asosiy sabablarini quyidagicha ko‘rsatadi:
“Muntazam ravishda test yechib, xatolarni tahlil qilib bordim. Listening’da “concentration” juda muhim, Reading’da esa vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va savol turlarini tushunish muhim”.
“Muvaffaqiyat yaqinlashganda taslim bo‘lish hissi kuchayadi”
Boshqa o‘rganuvchilar kabi unda ham IELTS uchun tayyorgarlik jarayoni har doim ham oson kechmaydi. Shu sababli, ushbu o‘quvchida bu jarayon qanday kechganiga qiziqdik.
- Tayyorgarlik jarayonida motivatsiya tushgan yoki “bo‘ldi, jonimga tegdi” degan hayollar o‘tganmi? Bo‘lgan bo‘lsa davom etishingizga nima turtki bo‘ldi?
“Bunday holatlar ko‘p bo‘lgan. Lekin ota-onam va ustozlarimning ishonchi meni davom etishga undagan. Shuni tushundimki, muvaffaqiyat yaqinlashgani sari taslim bo‘lish istagi kuchayadi”, – deya javob berdi Malika.
“Natijani kutish — imtihondan ham qiyinroq bo‘ldi”
Imtihon jarayoni va undan keyingi kutish davri haqida u shunday deydi:
“Hayajon bo‘ldi, chunki birinchi marta topshirdim. Javobni kutish esa juda qiyin bo‘ldi, vaqt ham ancha sekin o‘tdi. Natijani olganimdan keyin esa hursandchilik va yengillikni his qildim”.
“Ko‘pchilik feedback oladi, lekin uni qo‘llamaydi”
Malika boshqa o‘quvchilar uchun muhim xatoni quyidagicha izohladi:
“Kuzatganlarim ichida eng ko‘p uchraydigan xato — bu feedback’ga e’tibor kamligi. Ko‘pchilik feedback’ni yig‘ib yuradi, lekin amalda qo‘llamaydi. Yoki uni jiddiy qabul qilishmaydi”
“Keyingi maqsad — chet elda grant asosida o‘qish”
U kelajak rejalarini ham aniq belgilab olgan:
“Chet elda grant asosida o‘qishni xohlayman. Hozircha qaysi davlat yoki universitetga topshirishim aniq emas. Birinchi o‘zimni sohamni tanlab, keyin bu narsalarni hal qilmoqchiman”.
Ayni paytda Malika matematikadan tayyorgarlikni boshlagan.
“Hozir matematikani boshladim. SAT’dan yuqori ball olishni maqsad qilganman”, – deydi u suhbat yakunida.
Malikani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, IELTS’dan 7.0 ballni qoʻlga kiritgan qashqadaryolik 7-sinf oʻquvchisi Dilnur Olimova bilan suhbatlashgan edik. Intervyuni o‘qish
