Xususiy bog‘chalar uchun yengilliklar, har oyda startap kuni, o‘zbek tilini bilish imtihonlari: Talimxabarlari.uz 2026-yil 1-apreldan ta’lim sohasida ro‘y beradigan o‘zgarishlarni bir joyga to‘pladi.
Ayrim chet el fuqarolari davlat tilini bilish darajasini aniqlash imtihonidan ozod etiladi
Hukumatning tegishli (28.01.2026-yildagi 31-sonli) qaroriga muvofiq, chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash hamda malaka sertifikatini berish tizimi joriy etiladi.
Hujjatga koʻra:
—CEFR mezonlariga muvofiq chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilishning A1, A2, B1, B2, C1 va C2 darajalari bo‘yicha malaka sertifikatini berish uchun imtihonlar joriy etiladi;
— o‘zbek tilini bilish darajasi to‘g‘risida kamida B1 darajadagi malaka sertifikatiga ega chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash imtihonidan ozod etiladi.
Nukus shahridagi ayrim mahallalar fuqarolari bogʻcha pulining 50 foizini toʻlaydi
Prezidentning 2026-yil 21-fevraldagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasini 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kelgusi yillar uchun moʻljallangan dasturlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 70-son qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, joriy yil 1-apreldan boshlab Nukus shahri tarkibidagi “Qaratau” va “Bestobe” MFY davlat bog‘chalari uchun ota-onalar to‘loviga 50 foizlik kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.
Davlat tibbiyot muassasalari haftada 5 kun ishlaydi
Prezidentning «Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi besh kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi. Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, ushbu qaror bilan 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga bakalavriat uchun kontraktning 30 foiz, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmaydigan qismi qoplab berilishi belgilangangan.
Bogʻcha va maktablarning boʻsh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bogʻcha tashkil etishga ruxsat berildi
Prezidentning 2026-yil 5-fevraldagi PF-19 Farmoniga koʻra, 2026-yil 1-apreldan boshlab maktabgacha taʼlim qamrovi 80 foizdan past boʻlgan tuman (shahar)lardagi (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlik subyektlari uchun quyidagi imtiyozlar joriy etiladi.
«A» band:
Davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha tashkil etish uchun:
- Ijara to‘lovlari 30 yil davomida undirilmaydi, va bog‘cha muddat tugagandan so‘ng davlatga topshiriladi.
- Har bir bola uchun davlat bog‘chasining xarajatlarining 50 foizi subsidiya sifatida beriladi, bu imtiyoz 2024-yildan boshlab nodavlat bog‘chalarga ham tatbiq etiladi.
«B» band:
150 oʻrindan kam bo‘lmagan nodavlat bog‘chalarni tashkil etadigan tadbirkorlik subyektlariga:
- 7 yilgacha muddatga 4 foizli kredit, 5 milliard so‘mgacha beriladi.
- Yer uchastkasi auksion orqali ajratiladi, shart: foydalanish turini o‘zgartirmaslik.
- Bog‘cha faoliyatini boshlaganidan so‘ng, tarbiyachilarga oylik ish haqi davlat byudjeti hisobidan uch yil davomida qoplanadi.
Imtiyozlar davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan maktabgacha taʼlim tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.
Xususiy bogʻcha tashkil etgan tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi boʻyicha yengilliklar beriladi
2026-yil 1-apreldan boshlab respublikaning barcha hududlarida quriladigan yangi koʻp kvartirali uylarning birinchi qavatida tashkil etiladigan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etadigan (davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan maktabgacha taʼlim tashkilotlari bundan mustasno) tadbirkorlik subyektlariga 2030-yil 1-yanvarga qadar ijtimoiy soliq stavkasini xususiy MTT litsenziya olgandan keyin uch yil davomida 5 foiz etib belgilanadi va bu imtiyoz faqat birinchi qavatdagi bog‘chalar uchun qo‘llanadi.
Shuningdek, har bir bola uchun 9 soatlik ish rejimidagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining bir nafar tarbiyalanuvchisiga sarflanadigan xarajatning 50 foizi miqdorida elektron davomat asosida davlat-xususiy sheriklik bitimi amal qilish muddati davomida subsidiya beriladi.
Har oyda startap kuni o‘tkaziladi
Prezidentning “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (PQ–59-son, 11.02.2026-y.) qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, oʻquvchilar oʻrtasida “Eng yaxshi startap gʻoyasi” tanlovi oʻtkaziladi, tuman darajasidagi gʻoliblarga 5 mln soʻmgacha, viloyat darajasida – 10 mln soʻmgacha miqdorda mukofot beriladi.
2026-yil 1-apreldan muammo va masalalarni kraudsorsing asosida hal qilishning quyidagi tizimi joriy etiladi:
Davlat organlari, tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalar oʻz sohasidagi yechim talab qilayotgan muammo va masalalar boʻyicha:
— kraudsorsing elektron platformasida eʼlon joylashtirib, tanlov tashkil qiladi;
— har oyda startap tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar (“Startap kuni”) oʻtkazadi.
Shuningdek, IIV Akademiyasi 2026/2027-o‘quv yili uchun magistraturaga qabulni boshladi. Nomzodlar hujjatlarini aynan 1-apreldan 1-iyunga qadar elektron shaklda topshirishi mumkin.
Shu kabi maqolani mart oyi uchun ham e’lon qilgan edik. Quyidagi havola orqali ushbu maqolani ham o‘qishingiz mumkin.
