Xorazmda maktab direktori va ta’lim bo‘limi xodimi pora bilan qo‘lga olindi

Xorazmda maktab direktori va ta’lim bo‘limi xodimi pora bilan qo‘lga olindi

Xorazmda maktab direktori va maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi xodimi pora bilan ushlandi. Ushbu holat Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi tezkor qidiruv xizmati, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qayta kurashish departamenti viloyat boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ma’lum bo‘lgan.

 

Xorazm viloyati Xonqa tumanida o‘tkazilgan tekshiruvda tumandagi umumta’lim maktablaridan birida direktor bo‘lib ishlovchi, 1977-yilda tug‘ilgan shaxs o‘z mansab lavozimidan foydalanib, noqonuniy boylik orttirish maqsadida Urganch tumanida yashovchi 1985-yilda tug‘ilgan ayolni shu maktabga fizika fani o‘qituvchisi qilib ishga olish uchun 14 mln so‘m pul talab qilgan. Maktab direktori ushbu pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida ushlangan.

 

Xuddi shunday korrupsion holat viloyatning Shovot tumanida ham kuzatilgan. Tumandagi maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida bosh mutaxassis lavozimida ishlovchi 1989-yilda tug‘ilgan shaxs tuman hududidagi qurilishi tugallanmagan maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini sotib olish va qurilish ishlarini yakuniga yetkazish uchun bankdan 2 mlrd so‘m miqdorda imtiyozli kredit ajratish masalasida unga murojaat qilgan Xiva tumanida yashovchi 1994-yilda tug‘ilgan ayolga ushbu ishlarda yordam berish evaziga 100 mln so‘m pora talab qilgan.  U 29 800 AQSH dollari hamda 80 mln so‘mni xizmat xonasida olgan paytida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

 

Gumondorlarga nisbatan qonunchilikda ko‘rsatilgan tartibda ehtiyot choralari qo‘llanilgan.

 

Avvalroq, Buxoroda tarbiyachi lavozimi uchun pora olgan bog‘cha direktori ushlangani haqida xabar bergan edik.

 

Shuningdek, Farg‘onada bog‘cha direktori yordamchi tarbiyachidan 100 AQSH dollari miqdorida pora olayotgan vaqtida qo‘lga olingan edi.