Surxondaryo viloyati, Angor tumani 41-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Abduqodirov Sarvarxoji Humoyiddinovich beshta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin 189 ball to‘pladi. U kimyo va biologiyadan A, tarixdan B, matematika hamda o‘zbek tili va adabiyot fanidan esa C+ darajasini qo‘lga kiritdi.
Sarvarxoji kelajakda Toshkent davlat tibbiyot universitetida tahsil olishni maqsad qilgan. Shu sababli u fanlarga chuqurroq e’tibor qaratgan. Talimxabarlari.uz muxbiri mazkur o‘quvchi bilan tayyorgarlik jarayoni, bo‘lgan qiyinchiliklar va muvaffaqiyat sirlari bo‘yicha suhbatlashdi.
“Eng avvalo tartib va intizom bo‘lishi kerak. Fanlarni milliy sertifikat yo‘nalishida o‘rgatilsa, bizning safimiz yanada ko‘proq bo‘lar edi”, — deydi u.
“Sertifikat olish fikrini ustozim bergan”
O‘quvchiga sertifikat olish taklifini ilk bor biologiya ustozi berganini aytadi. Dastlab unda ichki ishonchsizlik va “buni qila olmayman” degan fikr bo‘lgan, ammo ustozining motivatsiyasi va doimiy qo‘llab-quvvatlashi uni harakatga keltirgan.
“Birinchi bor Sherzod ustozim bu fikrni berganlarida qanchalik qiyin bo‘lishini ham tushuntirganlar. Men bu taklifga rozilib bildirgan bo‘lsam-da, ichimda “bu ishni qila olmayman” degan fikr o‘tgan. Lekin ustozim har doim motivatsiya berardilar. Boshida uyqusiz kechalar va qiyinchiliklar meni qiynadi. Biroq, ustozlarimning qo‘llab-quvvatlashi va shuncha mehnatim zoye ketmasligini bilib, harakatdan to‘xtamaganman”, — deydi u.
Tayyorgarlik jarayoni
U har bir fan uchun ma’lum vaqt davomida tayyorlangan:
Kimyo — 3 yil
Biologiya — 1,5 yil
Matematika — 4 oy
Tarix — 3 oy
Ona tili va adabiyot — 1 oy
Sarvarxoji tayyorgarlik jarayonida barcha manbalardan foydalanib, samarali usullarni sinab ko‘rgan:
“Eng samarali usullardan biri — telefonsiz 40 daqiqa dars qilib, 5 daqiqa dam olish”, — deydi u.
‘‘Ko‘p tanqidlarga uchraganman’’
“Savollar darajasi albatta oson emas, juda qiyin deb ham bo‘lmaydi. Testga kirganda hayajonni yengib, o‘ziga ishonish kerak”.
Uning aytishicha, kimyodan birinchi natijasi kutganiday chiqmagan va bu tushkunlikka tushirgan. Ammo ustozining so‘zlari va qo‘llab-quvvatlashi bilan u harakatdan to‘xtamagan.
“Biologiyadan ham testlarda ballim kam chiqar edi. Shu sababli, bundan ham juda ko‘p tanqidlarga uchraganman. Hatto 5 ta fanni yopa olmasligimga ustozim ham ishonib qolgandek tuyulgan. Biroq men, olgan sertifikat testlarni uyda tahlil qilib, barcha nojoʻya fikrlar men haqimdaligini bilib, qayerda notoʻgʻri ish qilayotganimni tahlil qilganman. Natijada, ustozlarimning ishonchini oqlaganman”, – deydi o‘quvchi.
Kecha-kunduz mehnat
Sarvarxoji ko‘proq kechasi dars qilganini va bo‘sh vaqti deyarli umuman bo‘lmaganini ta’kidlaydi. Shunday bo‘lsa-da, miyaga dam berishga ahamiyat bergan.
“Telefon o‘quvchilarni chalg‘itadi. Men bunga kamroq e’tibor berdim, chunki kelajakda shifokor bo‘lish niyatim bor”, — deydi u.
O‘quvchi tengdoshlariga shunday maslahat beradi: hech qachon harakatdan to‘xtamaslik. Mehnat va qat’iyat, to‘g‘ri metodika, tartib va intizom — muvaffaqiyatning kaliti.
“Barcha qiyinchilik behuda ketmaydi. Faqat harakat qilish kerak”, — qo‘shimcha qiladi bo‘lg‘usi talaba.
Hozirda u ingliz tilini o‘rganmoqda va sertifikatlar sonini yana bittaga oshirishni rejalashtirgan.
Sarvarxojini o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, tibbiyot yo‘nalishida o‘qimoqchi bo‘lgan va muddatidan oldin 189 ballni naqd qilgan surxondaryolik o‘quvchi Latofat Xayrullayeva bilan suhbatlashgan edik. Intervyuni o‘qish
