O‘zbekistonlik o‘quvchilar Kavkaz matematika olimpiadasida 7 ta medalni qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonlik o‘quvchilar Kavkaz matematika olimpiadasida 7 ta medalni qo‘lga kiritdi

Adigeya Respublikasi, Maykop shahrida Xalqaro Kavkaz matematika olimpiadasining tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Taqdirlash marosimida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari yuqori natijalar qayd etgan. Bu haqda Fan olimpiadalari markazi xabar berdi.

 

XI Kavkaz matematika olimpiadasi 2026-yil 13–18-mart kunlari Maykop shahrida o‘tkazildi. Xalqaro darajada o‘tkazilgan ushbu olimpiadada 7 nafar O‘zbekiston terma jamoasidan iborat o‘quvchilar 2 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza — jami 7 ta medalni qo‘lga kiritgan:

 

  • Abdulaziz Radjabov (senior)  — Toshkent shahar IMA Al-Xorazmiy IMI o‘quvchisi — oltin medal,
  • Elshod Oʻralov (senior) — Termiz shahar 14-sonli maktab o‘quvchisi  — oltin medal,
  • Ashrafjon Ravshanov (junior) — Kattaqo‘rg‘on tuman 1-IDUM o‘quvchisi — kumush medal,
  • Rasulbek G‘afforov (senior)  — Toshkent shahar IMA al-Xorazmiy IM o‘quvchisi — kumush medal,
  • Dostonbek Rahmonqulov (junior)— Sirdaryo viloyati ITMA IM o‘quvchisi — bronza medal,
  • Fayzulloh Toxirov (junior) — Toshkent shahar IMA al-Xorazmiy IM o‘quvchisi — bronza medal,
  • Muhammadfotih Murodov (junior) —  Karakul international school o‘quvchisi — bronza medal.

 

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq ushbu olimpiada mintaqaviy xalqaro olimpiadalar ro’yxatiga kiritilgan bo‘lib, g‘olib o‘quvchilar va ularning ustozlari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

 

Olimpiada haqida

 

Olimpiada tashkilotchilari — Adigeya Respublikasi Ta’lim va fan vazirligi, Adigeya davlat universiteti huzuridagi Kavkaz matematika markazi hamda “Matema” ta’limda yangi texnologiyalar markazi notijorat hamkorligi hisoblanadi.

 

Unda Rossiyaning janubiy hududlari va xorijiy davlatlardagi umumta’lim muassasalarining 8–11-sinf o‘quvchilari, shuningdek, hududiy va milliy olimpiadalar g‘oliblari ishtirok etadi.

 

Ishtirokchilar ikki toifaga bo‘linadi:

 

Yoshlar ligasi — 8–9-sinf o‘quvchilari;

 

Kattalar ligasi — 10–11-sinf o‘quvchilari.

 

Musobaqa dasturi faqatgina tanlovdan iborat bo‘lmay, ishtirokchilar uchun Adigeya tabiati, tarixi va madaniy an’analari bilan tanishish, matematika va tabiiy fanlarga oid ilmiy-ommabop ma’ruzalar, shuningdek, turli madaniy, dam olish va sport tadbirlarini ham o‘z ichiga oladi.