Rivojlanish va ulg‘ayish jarayonida bolalar ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelishadi. Yoshga doir o‘tish davrlari, ijtimoiy muammolar, emotsional va o‘quv yuklamalari, xulq-atvor bilan bog‘liq xavf-xatarlar ular uchun katta sinovlar bo‘lishi mumkin.
Bolaga bu qiyinchiliklarni yengib o‘tishda yordam berishning asosiy usuli – muammolarni uning o‘rniga hal qilib berish emas, balki hayotga bardoshlilik ko‘nikmalarini o‘rgatishdir.
Qo‘llab-quvvatlashning asosiy strategiyalari:
His-tuyg‘ularni tan olish: birinchi qadam — bolaga o‘z kechinmalarini anglashga yordam berishdir. Bolaga: ‘‘Hozir nimalarni his qilyapsan?’’ deb so‘rash va uning ranjish yoki qo‘rquvini haqli ekanligini tushuntirish muhimdir.
Muammoni hal qilish algoritmi: bolani qiyinchiliklarni bosqichma-bosqich tahlil qilishga o‘rgating: “Muammo nima?”, “Uni qanday hal qilish mumkin?” (hatto eng g‘ayritabiiy variantlarni ham o‘ylab ko‘ring), va qaysi birini birinchi bo‘lib sinab ko‘rishingiz haqida o‘ylab ko‘ring.
Xato qilish huquqi: xatolarni o‘rganish jarayonining ajralmas qismi sifatida tushuntirish va bolada muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqmaslikni rivojlantirish. Uni yakuniy natija emas, balki ko‘rsatgan sa’y-harakatlari va intilishi uchun maqtang.
O‘ziga ishonchni mustahkamlash: bolaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash uchun unga albatta uddasidan chiqadigan vazifalarni bering va asta-sekin talab darajasini oshirib boring.
Ota-ona o‘zini qanday tutishi kerak?
Yonida bo‘ling, lekin “o‘rniga” emas: faqat bola yordam so‘raganida ko‘maklashing. Uning mustaqil ravishda eplay oladigan ishlariga aralashmang.
Taqqoslashdan saqlaning: bolaning yutuqlarini boshqalar bilan emas, balki uning o‘ziga xos avvalgi natijalari bilan solishtiring.
Shaxsiy namuna: o‘zingiz boshdan kechirgan muvaffaqiyatsizliklar va ularni qanday yengib o‘tganingiz haqida gapirib bering. Bolalar kattalarning xulq-atvorini kuzatib, unga taqlid qiladi.
Kun tartibi va asos: bola uchun barqaror uyqu va ovqatlanish rejimini ta’minlash muhimdir. Jismoniy charchoq va stress bolaning ruhiy yuklamalarga chidamlilik qobiliyatini pasaytiradi.
Manba: Taʼlimni rivojlantirish markazi
