‘‘Barcha sinflar yangi binoga joylashtirildi’’ – Qashqadaryo viloyat MMTB tarmoqlarda tarqalgan videoga izoh berdi (video)

‘‘Barcha sinflar yangi binoga joylashtirildi’’ – Qashqadaryo viloyat MMTB tarmoqlarda tarqalgan videoga izoh berdi (video)

Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Dehqonobod tumanidagi achinarli holatdagi maktab haqidagi videoga izoh berdi.

 

Qayd etilishicha, video tasvirlar Dehqonobod tumani, Beshqo‘ton MFY Shakarbuloq qishlog‘ida joylashgan 80-sonli maktabga tegishli. Mazkur ta’lim muassasasida 14 ta sinf va 142 nafar o‘quvchi mavjud.

 

Maktab yangi va eski binolardan iborat bo‘lib, yangi bino 80 o‘rinli, 5 ta sinfxonaga ega. Qish faslining sovuq va qorli kunlarida ayrim ota-onalar tomonidan eski binodan foydalanmaslik bo‘yicha taklif bildirilgan.

 

Shu sababli, maktab rahbariyati 14 ta sinfni yangi binoga ikki navbatda joylashtirish imkoni bo‘lmagani bois, ota-onalarning talabiga ko‘ra qishloqdagi bir necha yildan beri foydalanilmay kelgan xonadonga 2 ta sinfni bir kunga vaqtincha joylashtirgan.

 

“Hozirda barcha sinflar yangi binoga joylashtirildi. Shuningdek, o‘quvchilar uchun dars jarayonlari 2 navbatda tashkil etildi”, — deyiladi boshqarma munosabatida.