Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligida giyohvandlikka qarshi alohida rahbar o‘rinbosarlari joriy etiladi. Bu haqida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida poytaxtda xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ular ta’lim muassasalarida giyohvandlikka nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish va profilaktika ishlarini muvofiqlashtiradi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilda Toshkent shahrida 1,5 mingdan ortiq narkotik vositalarga ruju qo‘ygan shaxslar rasman ro‘yxatga olingan. Eng tashvishlisi, rasmiy hisobga olinmagan, ya’ni “soya”da qolayotgan giyohvandlar soni bundan ham ko‘p bo‘lib, ularning aksariyatini yoshlar tashkil etadi.
“Narkotik moddalar uchun oyiga o‘rtacha 20–25 million so‘m sarflanmoqda. Bu holat giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilishiga olib kelmoqda. O‘tgan yili respublika bo‘yicha 64 nafar shaxs giyohvand modda ta’sirida jinoyat sodir etgan bo‘lib, har uch holatdan bittasi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi”, – deyiladi Prezident matbuot xizmati bergan xabarda.
Bundan tashqari, shu yildan boshlab giyohvandlikni aniqlash maqsadida narko ekspress-testlardan ommaviy foydalanish yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Giyohvandlikka nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish doirasida Yoshlar ishlari agentligi, shuningdek, ta’lim sohasidagi vazirlik va idoralarda mas’ullik kuchaytiriladi.
Xususan, hokimlar, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, texnikum va maktab direktorlarining o‘rinbosarlaridan biri ushbu yo‘nalishga mas’ul etib belgilanadi. Giyohvandlarni davolash jarayoni kamida to‘rt oy vaqt talab etishini inobatga olib, mas’ullarga xususiy sheriklik asosida aholiga narkologik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
