Hukumatning 2025-yil 24-noyabrdagi 740-son qarori bilan Vazirlar Mahkamasining “Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 12-oktyabrdagi 638-son qarori 53-bandiga oʻzgartirish kiritildi.
Unga koʻra,
– Inklyuziv taʼlim sinflari oʻqituvchilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda toʻlanadigan ustama haqi sinfda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bir nafar bola uchun tarif stavkasining 10 foizi, ikki nafar bola uchun tarif stavkasining 20 foizi, uch nafar bola uchun tarif stavkasining 30 foizi miqdorida, ikki va undan ortiq inklyuziv taʼlim sinflarida toʻrt nafar va undan ortiq bola uchun taʼlim-tarbiya ishlarini amalga oshirgan fan oʻqituvchilariga tarif stavkasining 40 foizi miqdorida belgilanadi.
– Boshlangʻich tayanch korreksion sinflar oʻqituvchilari bolalar sonidan qatʼi nazar, inklyuziv sinflar yoki boshlangʻich tayanch korreksion sinflarda faoliyat yuritayotgan maxsus pedagoglarga va yordamchi xodim (assistent-oʻqituvchi)larga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda toʻlanadigan ustama haqi lavozim maoshining 50 foizi miqdorida toʻlanadi.
Maʼlumot uchun, ushbu kunga qadar ham Hukumatning 638-son qaror asosida maxsus pedagoglarga lavozim maoshiga nisbatan 40 foizgacha miqdorida ustama toʻlab kelinayotgan edi.
Avvalroq, MMTVning tegishli buyrug‘i bilan maktabda maxsus pedagog lavozimi uchun qoʻyiladigan malaka tavsiflari belgilangani haqida xabar bergan edik.
