Amerikaning OpenAI kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ChatGPT chatboti Yaponiya universitetiga kirish imtihonida to‘qqizta fan bo‘yicha maksimal ball oldi.
Tokioda joylashgan LifePrompt kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan universitetga kirish imtihonlarida generativ sun’iy intellekt chatbot sinovdan o‘tkazildi.
Tadqiqot davomida ChatGPT, Gemini va Claude Opus SI modellari o‘zaro taqqoslangan. Natijalarga ko‘ra, ChatGPT 15 ta fan ichida 9 tasi bo‘yicha eng yuqori ballni to‘plagan. ChatGPT bergan javoblarning o‘rtacha aniqligi 97 foizni tashkil etgan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar matematika, informatika, kimyo, fizika, biologiya asoslari, shuningdek siyosat va iqtisodiyot yo‘nalishlarida qayd etilgan.
Anthropic kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Claude Opus modeli uchta fandan maksimal ball olgan. Google’ning Gemini modeli esa ikkita fan bo‘yicha yaxshi natija ko‘rsatgan.
ChatGPT yapon tili fanidan eng past natijani qayd etgan. Uning to‘g‘ri javoblar ulushi 90 foizni tashkil etgan. Tadqiqotchilar bu holatni adabiy matnlarda qahramonlarning hissiy holati va xatti-harakat motivatsiyasini talqin qilishdagi murakkabliklar bilan izohlagan.
Talabalar har yili milliy va ayrim xususiy oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish jarayonida mazkur imtihonlarda ishtirok etadi va fanlarni o‘zlari tanlaydi. Joriy yilda mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan ikki kunlik testlarda taxminan 500 ming nafar abituriyent qatnashgan bo‘lib, imtihon natijalari 813 ta universitet, institut va kollej tomonidan saralash jarayonida qo‘llaniladi.
Tokio universitetining yuqori raqobatli «Human Sciences I» ta’lim yo‘nalishini tanlaydigan abituriyentlar odatda topshiradigan fanlar bo‘yicha ChatGPT 97 foizlik natija qayd etgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilda 66 foiz, 2025-yilda esa 91 foiz bo‘lgan. LifePrompt kompaniyasi 2024-yildan buyon generativ sun’iy intellektni muntazam sinovdan o‘tkazib kelmoqda.
