“Shaxsiy maʼlumotlar maxfiy saqlanadi” — Statqoʻm raisi aholini roʻyxatga olish jarayoni haqida tushuntirish berdi

“Shaxsiy maʼlumotlar maxfiy saqlanadi” — Statqoʻm raisi aholini roʻyxatga olish jarayoni haqida tushuntirish berdi

2026-yilning 15-yanvaridan 28-fevraliga qadar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirlari amalga oshiriladi. Ushbu jarayonda fuqarolar tomonidan taqdim etiladigan shaxsiy ma’lumotlar sir saqlanishi kafolatlanadi va faqat statistik maqsadlarda qo‘llaniladi. Bu haqda 14-yanvar kuni bo’lib o’tgan brifingda Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamrayev ma’lum qilgan.

 

Shaxsiy ma’lumotlar maxfiy saqlanadi

 

Hamrayevning ta’kidlashicha, ro‘yxatga olish tadbirlari ikki bosqichda tashkil etiladi. 15−31-yanvar kunlari fuqarolarning o‘zi onlayn ro‘yxatdan o‘tsa, 4−28-fevralda “mahalla yettiligi” tizimi xodimlari tomonidan uyma-uy yurilib, planshet qurilmalari yordamida to‘ldiriladi.

 

«Ro‘yxatga olish jarayonini samarali tashkil etish maqsadida tuman-shaharlar, viloyatlar va respublika miqyosida 223 ta shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu jarayonda ishtirok etayotgan «mahalla yettiligi» tizimidagi 55 mingdan ziyod xodimlar 3 bosqichda o‘qitilib, amaliy jarayonlar orqali malakasi oshirildi. Shuningdek, 100 dan ortiq vazirlik va idoralar hamda boshqa tashkilotlarning 500 dan oshiq xodimlari trener sifatida tayyorlandi», — deydi qo‘mita raisi.

 

Raisning ma’lum qilishicha, axborot tizimi barqaror ishlashi uchun zarur server quvvatlari ajratilgan, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan. Fuqarolar tomonidan taqdim etilayotgan barcha ma’lumotlar qonunchilik talablariga muvofiq himoya qilinadi, shaxsiy ma’lumotlar maxfiy saqlanadi va umumlashgan holda faqat statistik maqsadlarda qo‘llaniladi. Ushbu ma’lumotlar soliq, huquqni muhofaza qiluvchi yoki boshqa nazorat organlariga berilmaydi, 100 foiz sir saqlanishi kafolatlanadi.

 

Yakuniy ma’lumotlar 2027-yil 1-iyulgacha e’lon qilinadi

 

Qo‘mita raisining aytishicha, ro‘yxatga olish bilan bog‘liq barcha jarayonlar xalqaro tajriba va tavsiyalarga muvofiq hamda malakali xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda amalga oshirilgan, ularning ijobiy xulosalari olingan.

 

Ma’lum qilinishicha, ro‘yxatga olish jarayonida fuqarolardan quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ma’lumotlar yig‘iladi:

 

Aholi bo‘yicha:

 

–  aholi soni va tarkibi (yosh, jins);

– oilaviy holati;

– ta’lim darajasi;

– bandlik va mehnat faoliyati;

–  yashash joyi va uy-joy sharoiti;

–  ijtimoiy holatiga oid umumiy ko‘rsatkichlar.

 

Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha:

 

–  qishloq xo‘jaligi yer maydonlari;

–  ekin turlari va hosil yo‘nalishlari;

–  chorva mollari soni va tarkibi;

– fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyati;

–  qishloq xo‘jaligi texnikasi va resurslari haqidagi ma’lumotlar.

 

Hamrayevning so‘zlariga ko‘ra, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijasida O‘zbekiston bo‘yicha aniq, to‘liq va ishonchli statistik ma’lumotlar shakllantiriladi.

 

Shuningdek, Behzod Hamrayev ro‘yxatdan o‘tish jarayonida aholida qandaydir savollar tug‘ilsa, 24/7 rejimda ishlaydigan ishonch telefonlari va Call-markazlarga murojaat qilishi mumkinligini eslatma o’rnida aytib o’tgan.