Bugun ijtimoiy tarmoqlarda “Qoraqalpogʻistonda oʻqituvchilar aholini roʻyxatga olish ishlariga majburiy jalb qilinayotgan boʻlishi mumkin” mazmunidagi xabarlar tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan MMTV tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.
Unga koʻra, vaziyat Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan nazoratga olinib, oʻrganib chiqilgan.
Oʻrganish jarayonida Beruniy tumanidagi 55-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida jami 76 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritayotgani, maktab jamoasi toʻliq roʻyxatdan oʻtkazilgani, oʻquvchilarning ota-onalarini roʻyxatga olish boʻyicha oʻqituvchilarga hech qanday topshiriq berilmagani, shuningdek, pedagog xodimlar majburiy qoʻshimcha ishlarga jalb etilmagani maʼlum boʻlgan.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi PF-173-sonli Farmoniga muvofiq, 2026-yilning 15-yanvaridan 28-fevraligacha mamlakatimizda “Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish” tadbirlarini oʻtkazish rejalashtirilgan boʻlib, ushbu roʻyxatga olish ishlari mahalla yettiligi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
