Sertifikatga ega boʻlmagan xorijiy til o‘qituvchilariga yangi oʻquv yili boshlanguniga qadar imkoniyat beriladi

Sertifikatga ega boʻlmagan xorijiy til o‘qituvchilariga yangi oʻquv yili boshlanguniga qadar imkoniyat beriladi

Ayni kunlarda umumtaʼlim maktablarining tegishli til sertifikatiga ega boʻlmagan xorijiy til fani oʻqituvchilarining keyingi mehnat faoliyatiga doir masala barchaning diqqat markazida turibdi. Holat yuzasidan MMTV tomonidan rasmiy bayonot berildi.

 

Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi tegishli qarorida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari xorijiy til oʻqituvchilarining kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlishi talabi koʻrsatib oʻtilgan.

 

Dastlab 2024-2025-oʻquv yiliga qadar etib belgilangan ushbu talab muddati pedagoglar va keng jamoatchilik vakillarining murojaatlari asosida hozirga qadar bir necha bor uzaytirib kelindi.

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining tegishli buyrugʻi bilan, xorijiy til fani oʻqituvchilarining lavozim malaka tavsiflariga kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlishi asosiy talab sifatida kiritilgan.

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan ushbu pedagoglarning tegishli sertifikat imtihonlariga tayyorgarlik koʻrishlarida koʻmaklashish uchun joylarda malakali mutaxassislar ishtirokida bepul (onlayn va oflayn) oʻquv mashgʻulotlari tashkil etilgan.

 

Buning natijasida 2025-yilning sentabr-dekabr oylari davomida 5 000 nafardan ortiq pedagoglar tegishli til sertifikatlarini qoʻlga kiritib, oʻquvchilarga sifatli taʼlim berish bilan birga qoʻshimcha moddiy manfaatdorlikka erishib kelmoqda (hozirga vaqtda 39 ming nafardan ortiq xorijiy til fani oʻqituvchilari tegishli til sertifikatlariga ega).

 

Vazirlik tomonidan ushbu oʻquv mashgʻulotlari bundan keyin ham davomiy tashkil etib boriladi hamda B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlmagan pedagoglarga 2026-2027-oʻquv yili boshlanguniga qadar imkoniyat beriladi.