Poytaxt hokimining o‘rinbosari Durdona Rahimova olib borgan yig‘ilishda talabalarni turar joy bilan ta’minlash markazlarini tashkil etish muhokama qilingan.
Shu jumladan, Toshkent shahri bo‘yicha 29 ta davlat oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha 60 ta markaz (shtab) tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Markazlarda 200 nafardan ortiq ko‘ngilli lider yoshlardan iborat volontyor va tyutorlar talabalarni yotoqxona hamda ijara xonadonlariga joylashishiga ko‘mak beradi.
Talabalikka tavsiya etilganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Talabalar turar joyi axborot tizimi”ga yuklanadi va talabalardan yotoqxonaga joylashish bo‘yicha yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali arizalar qabul qilinadi.
Xususiy xonadonlarga joylashtiriladigan talabalar bilan tuziladigan ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali onlayn tarzda hisobga qo‘yiladi.
Ma’lumot uchun o‘tgan yili Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan talabalarga yotoqxona va ijara xonadonlari topishiga ko‘maklashuvchi ma’lumotlar markaz (shtab)lari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.