Universitetda dars soatlari qanday hisoblanadi?

Universitetda dars soatlari qanday hisoblanadi?

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 824-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 15-bandiga koʻra, kredit-modul tizimida 1 kredit oʻrtacha 25 — 30 akademik soatlik oʻquv yuklamasiga teng.

 

Yaʼni talaba muayyan fandan tegishli kreditlarni toʻplashi uchun maʼlum miqdordagi oʻquv yuklamasini oʻzlashtirishi zarur. Oʻquv yuklamasi bakalavriatda:

 

– 40 — 50% auditoriya soati;

 

– 50 — 60% mustaqil ish soatiga.

 

Magistraturada:

 

–  30% — 40% auditoriya soati;

 

– 60-70% mustaqil ish soatiga (malakaviy amaliyot va bitiruv malakaviy ishlari bundan mustasno) boʻlinadi.

 

Bunda kreditning soatlardagi miqdori va oʻquv yuklamasi miqdori oliy taʼlim muassasasi kengashi tomonidan belgilanadi va oliy taʼlim muassasasi veb-sahifasida shaffof tarzda joylashtiriladi.

 

Agar 1-kursda 5 kreditli fan boʻlsa, unda shu fan uchun jami soatlar miqdori 125 soatni tashkil etadi. Bunda 50 soat auditoriya soati (leksiya va seminarni qoʻshgan holda, masalan 20 soat leksiya, 25 soat seminar va 5 soat baholash uchun) va 75 soat mustaqil ish uchun ajratiladi. 6 kreditli fan boʻlsa yuqoridagi meʼyor 150 umumiy, 60 auditoriya va 90 mustaqil ish uchun ajratiladi.