25-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan qonun bilan 2026-yil uchun Davlat byudjeti tasdiqlandi. Hujjatga koʻra, 2026-yilda vazirlikka jami 63 trillion 691,6 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan.
Bu 2025-yil uchun belgilangan 59 trillion 164,2 milliard soʻmga nisbatan qariyb 4,5 trillion soʻmga yoki 7,6 foizga koʻp demakdir. Ushbu oʻsish tizimni rivojlantirishdagi ustuvor yoʻnalishlar oʻzgarganidan dalolat beradi.
Xorijiy mutaxassislarni jalb etish koʻlami kengaymoqda
Kelgusi yilgi byudjetning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri bu chet ellik pedagoglarni taʼlim jarayoniga jalb qilish uchun ajratilayotgan mablagʻlarning sezilarli darajada oshirilishidir.
Agar 2025-yilda ushbu maqsadlar uchun 250 milliard soʻm yoʻnaltirilgan boʻlsa, 2026-yilda bu koʻrsatkich qariyb uch barobarga ortib, 700 milliard soʻmni tashkil etmoqda.
Bu oʻzgarish maktablarda xorijiy tillar va aniq fanlarni oʻqitish sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish hamda oʻquvchilarning til koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlar kuchaytirilayotganini anglatadi.
Darsliklar sifati va mazmuniga investitsiya
Soʻnggi yillarda darsliklarning mazmuni va sifati borasida amalga oshirilayotgan islohotlar moliyaviy jihatdan ham qoʻllab-quvvatlanmoqda. Tahlillarga koʻra, 2026-yilda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida darsliklarni yangilash bilan bogʻliq xarajatlar uchun 1 trillion 985 milliard soʻm ajratilishi belgilangan.
Taqqoslash uchun, 2025-yilda bu yoʻnalishga 1 trillion 300 milliard soʻm sarflanishi koʻzda tutilgan edi. Qariyb 685 milliard soʻmlik farq oʻquv adabiyotlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish jarayoni izchil davom ettirilishini koʻrsatadi.
Raqamlashtirish va pedagoglarni ragʻbatlantirish yangi bosqichga oʻtmoqda(mi)?
Yangi byudjet loyihasida maktablarni texnologik jihatdan yangilash va pedagoglarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qator yangi hamda kengaytirilgan moddalar oʻrin olgan. Jumladan, maktablardagi maʼnan eskirgan kompyuter sinflarini yangilash xarajatlari 2025-yildagi 200 milliard soʻmdan 2026-yilda 250 milliard soʻmga oshirilgan.
Bundan tashqari, 2026-yilgi byudjetda maktablarni interaktiv doskalar bilan bosqichma-bosqich taʼminlash uchun yangi yoʻnalish sifatida 100 milliard soʻm hamda internet tarmogʻida bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar yaratish uchun 120 milliard soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, tizimda shaffoflikni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida joriy etilayotgan “Toza qoʻllar” dasturini moliyalashtirish uchun 203 milliard soʻm, “Yil oʻqituvchisi” tanlovi gʻoliblarini munosib taqdirlash uchun esa 137,2 milliard soʻm yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, 2026-yilgi Davlat byudjeti parametrlari maktabgacha va maktab taʼlimi sohasini moliyalashtirishda strategik oʻzgarishlar yuz berayotganini koʻrsatmoqda.
Tahlillar shuni tasdiqlaydiki, kelgusi yilda asosiy eʼtibor taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiluvchi yoʻnalishlarga qaratiladi.
Xususan, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, oʻquv adabiyotlarini yangilash va maktablarni raqamlashtirish uchun ajratilayotgan mablagʻlarning sezilarli darajada ortishi hukumatning sohadagi ustuvor vazifalarini qayta koʻrib chiqqanidan dalolat beradi.
Bu esa tizimda moddiy-texnik bazani mustahkamlash bosqichidan bosqichma-bosqich taʼlim mazmunini boyitish va inson kapitalini rivojlantirish davriga oʻtilayotgani bilan izohlanadi.
