Nature jurnali 2026-yilda ilm-fanning rivojiga ta’sir ko‘rsatadigan ilmiy hodisa va yo‘nalishlar ro‘yxatini tuzdi. Unda sun’iy intellektning amaliy qo‘llanishi, gen terapiyasidagi yangi qadamlar, yirik tibbiy tadqiqotlar, Oyga odamli parvozlarning qaytishi hamda Yer va kosmosdagi keng ko‘lamli loyihalar haqida so‘z boradi.
Kashfiyotlarda sun’iy intellektning o‘rni
Nature qayd etishicha, so‘nggi yilda ilmiy izlanishlarda sun’iy intellektdan foydalanish sezilarli darajada rivojlandi va bu tendensiya kelajakda ham davom etishi kutilmoqda.
2026-yilda murakkab va ko‘p bosqichli jarayonlarni bajarish uchun bir nechta yirik til modellarini birlashtirgan AI agentlaridan kengroq foydalanish rejalashtirilgan. Jurnal ta’kidlaydiki, sun’iy intellekt kelasi yilda haqiqatan ham muhim ilmiy yutuqlarga olib kelishi mumkin. Biroq xavflar ham mavjud — keng qo‘llanilishi katta nosozliklarni, jumladan ma’lumotlarning o‘chirilishi bilan bog‘liq xatolarni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas.
Shu bilan birga, tadqiqotchilar yirik LLMlardan tashqari aniq vazifalarga moslashtirilgan, ixcham sun’iy intellekt modellarini ham izlamoqda. 2025-yilda shunday kichik modellaridan biri mantiqiy testda ulkan LLMlarni ortda qoldirdi.
Noyob kasalliklar uchun gen terapiyasi kengayadi
Tibbiyot sohasida Nature genlarni tahrirlash jarayoni rivojlanishda davom etishini kutmoqda. Jurnalga ko‘ra, 2026-yilda bolalarda uchraydigan noyob irsiy kasalliklarni davolashga mo‘ljallangan shaxsiylashtirilgan gen terapiyasi bo‘yicha ikki klinik tadqiqot boshlanishi mumkin.
Bu loyihalar metabolizm buzilishi bilan tug‘ilgan K.J. Maldoon ismli chaqaloqni davolash tajribasiga asoslanadi. Unga aniq mutatsiyani to‘g‘rilash uchun CRISPR terapiyasi qo‘llangan.
Bir jamoa kam uchraydigan almashinuv kasalliklariga chalingan bolalarda sinovlar o‘tkazishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, boshqa jamoa irsiy immun tizimi buzilishlarini davolashga yo‘naltirilgan terapiyani sinab ko‘rmoqchi.
Ko‘p tekshiruvlar o‘rniga qon tahlili
Onkologiya sohasida Nature Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan qon tahlili tadqiqotini yilning eng muhim hodisalaridan biri sifatida tilga oldi.
«Kutilishicha, 2026-yilda Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan klinik tadqiqot natijalari e’lon qilinadi. Bu tahlil simptomlar paydo bo‘lishidan oldin 50 turdagi rakni aniqlay oladi», — deb yozadi jurnal.
Mazkur test qon tarkibida o‘sma hujayralari chiqargan DNK bo‘laklarini aniqlaydi va kasallik qaysi organdan kelayotganini aniq ko‘rsatishga yordam beradi. Tadqiqotda 140 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan.
Oyga odamli parvozlar qaytadi: Artemis II missiyasi
2026-yildagi asosiy kosmik hodisalardan biri — Artemis II missiyasi bo‘ladi. Nature ma’lumotiga ko‘ra, NASA to‘rt astronavtni Orion kosmik kemasida Oy atrofida parvozga yuboradi. 10 kunlik parvoz 1970-yillardan buyon amalga oshirilmagan ilk odamli Oy missiyasi bo‘lib, kelajakdagi Oyga qo‘nishlar uchun tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi.
Oy janubiy qutbiga qo‘nish
Xitoyning Chang’e-7 missiyasi 2026-yil avgustida uchirilishi rejalashtirilgan. Qurilma Oy janubiy qutbi hududiga yetib borishi kutilmoqda. Bu joy qo‘nish uchun murakkab hududlardan biri sanaladi. Missiya suv muzlarini qidirish va Oy zilzilalarini o‘rganish bilan shug‘ullanadi.
Mars yo‘ldoshlaridan ilk namuna Yerga yuboriladi
Yaponiya Martian Moons eXploration (MMX) missiyasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Qurilma Mars yo‘ldoshlari — Fobos va Deymosga tashrif buyuradi. U Fobos yuzasidan namuna yig‘ib, uni 2031-yilda Yerga qaytaradi. Shu vaqtgacha Mars yo‘ldoshlari yuzasidan Yerga namuna olib kelingan emas.
Yerga o‘xshash sayyoralar izlanishi
Yevropa kosmik agentligi PLATO sun’iy yo‘ldoshini uchirishni rejalashtirmoqda. Qurilma 26 kameraga ega bo‘lib, 200 mingdan ortiq yorqin yulduzlarni kuzatadi va hayot bo‘lishi mumkin bo‘lgan Yerga o‘xshash sayyoralarni izlaydi.
Quyoshda maksimal faoliyat davrida kuzatiladi
Hindistonning Aditya-L1 missiyasi Quyoshni faoliyatining maksimal davrida kuzatishda davom etadi. Qurilma Yerga 1,5 million km masofadagi orbitada joylashgan bo‘lib, Quyosh yuzasidagi jarayonlarni uzluksiz kuzatish imkonini beradi.
Yer mantiyasiga yo‘l ochilishi
Nature qayd etgan yana bir muhim hodisa — Xitoyning Meng Xiang okean kemasi 2026-yilda birinchi ilmiy ekspeditsiyasini boshlaydi.
Kema okean qobig‘ini 11 km chuqurlikkacha burg‘ulab, Yer mantiyasiga chiqishi va namuna yig‘ishi rejalashtirilgan. Ushbu tadqiqot olimlarga okean tubi qanday shakllanishini va tektonik faoliyatga ta’sir etuvchi jarayonlarni chuqurroq tushunishga yordam beradi.
