Janubiy Koreyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni keskin oshmoqda

Janubiy Koreyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni keskin oshmoqda

Janubiy Koreyada tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni 2024-yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan. Ushbu o‘sishda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlaridan borgan yoshlar katta ulushni tashkil etgan. Bu haqda Qazinform xabar bergan.

 

Koreya turizm tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki olti oyida mamlakatdagi chet ellik talabalar soni 2024-yilning shu davriga nisbatan 50,6 foizga oshib, 204 ming kishiga yetdi. Bu Janubiy Koreya tarixida yarim yillik ko‘rsatkichning ilk bor 200 mingdan oshishidir. Taqqoslash uchun, 2022-yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 55 ming nafarni tashkil etgan edi. 2023-yilning mos davrida esa 136 ming talaba ro‘yxatga olingan.

 

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Janubiy Koreyaga talabalar yuborayotgan Markaziy Osiyodagi yetakchi davlatlardan biriga aylangan. 2024-yilning birinchi yarim yilligida 5 000 nafar o‘zbekistonlik talaba o‘qish uchun aynan Janubiy Koreyani tanlagan. Shuningdek, Qozog‘istondan 2024 yilning birinchi yarmida 1 022 nafar qozog‘istonlik talaba Koreyaga o‘qishga kelgan.

 

Xorijiy talabalar orasida eng katta ulush Xitoy fuqarolariga to‘g‘ri keladi — 112 ming kishi yoki umumiy sonning 55,2 foizi. Ikkinchi o‘rinda 33 ming talaba bilan Vetnam turadi, undan keyin Yaponiya va Mo‘g‘uliston keladi.

 

YUNESKO Statistika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston dunyo miqyosida xorijga eng ko‘p talaba yuboruvchi davlatlar qatoridan joy olgan. Hozirda 109,9 ming nafar o‘zbekistonlik yoshlar xorijiy mamlakatlarda tahsil olmoqda.

 

Global miqyosda bu borada Xitoy (1 milliondan ortiq) va Hindiston (508 ming) peshqadamlik qilmoqda. Markaziy Osiyoda esa Qozog‘iston (91,2 ming) ham yuqori ko‘rsatkichga ega. Ma’lumot o‘rnida, dunyo bo‘ylab talabalar orasida eng ommabop yo‘nalishlar sifatida hamon AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Germaniya va Kanada qolmoqda.