Rossiyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar uchun barcha ijtimoiy tarmoqlarga kirishni cheklash taklif qilindi. Bu tashabbus bilan Rossiya Jamoat palatasi komissiyasi a’zosi Yevgeniy Masharov chiqdi. Bu haqda ‘‘RIA Novosti’’ xabar berdi.
Avvalroq, u Rossiyada internetda 18+ belgisi qoʻyilgan kontentga kirish uchun foydalanuvchilarni pasport orqali majburiy identifikatsiya qilish taklifini ilgari surgan edi.
“Men avval internetdagi sezgir maʼlumotlarga faqat pasport orqali kirishni taklif qilganman. O‘ylaymanki, cheklovlarni joriy etishni davom ettirish kerak. Ijtimoiy tarmoqlarga kirish — faqat 16 yoshdan”, — degan Masharov.
U cheklovlar qatorida, kompaniya-ishlab chiqaruvchilar Rossiya yurisdiksiyasida roʻyxatdan oʻtishga rozi boʻlmagan taqdirda onlayn oʻyinlarni bloklash, WhatsAppʼni toʻliq bloklash hamda sunʼiy intellekt texnologiyalarini umumiy qoidalar asosida tartibga solishni ham qayd etgan.
“Bu ishlarni kompleks tarzda amalga oshirish kerak, ijro etuvchi hokimiyat organlariga kontentga kirishni shunday sozlashda yordam berish lozimki, ertaga biz bolalarimizni koʻchaga chiqarishdan qoʻrqmaydigan boʻlaylik”, — deya xulosa qildi Masharov.
Shuningdek, Qozog‘istonda ham 16 yoshdan kichik foydalanuvchilarning onlayn-platformalarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlovchi qonun loyihasi tayyorlangan. Shu tariqa, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga videoxostinglar, ijtimoiy tarmoqlar, kontent platformalari va o‘xshash saytlarida akkaunt yaratish mumkin bo‘lmaydi.
Avvalroq, Malayziya ham kelasi yildan 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi ekanligi haqida xabar bergan edik.
