OTMda oʻqiyotgan 2-kurs talabalari ham ishlashi mumkinmi?

OTMda oʻqiyotgan 2-kurs talabalari ham ishlashi mumkinmi?

Talabani ishlashiga hech qanday taqiq yo‘q. Bu yerda talabaning nechanchi kursda o‘qishini ahamiyati yo‘q. Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirining 9-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim to‘g‘risidagi nizomning 50-bandiga muvofiq, kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida ishlashi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, talabalar bemalol ishlashlari mumkin. Lekin mehnat qonunchiligiga ko‘ra, talaba faqat ta’limdan bo‘sh vaqtida ishlash huquqiga ega.

 

Faqat bir narsaga e’tibor qaratish kerakki, qonunchilik hujjatlarida alohida malaka, bilim va ko‘nikma talab qiladigan sohalar uchun alohida talablar mavjud. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-yanvardagi 10-son qaroriga 1-ilova “Davlat maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 7-1 bandiga ko‘ra, oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga pedagog sifatida tegishli lavozimlarga ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Nizomning 7-2 bandiga ko‘ra esa , oliy ta’lim muassasalarining pedagogika yo‘nalishlarida kunduzgi, kechki, sirtqi bo‘limlarning 3-4-kurslarida o‘qiyotgan shaxslar pedagogik faoliyatni amalga oshirishi mumkin va ularga o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotga ega bo‘lgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi singari bazaviy ta’rif stavkasi belgilanadi.

 

Demak, agar shu sohada talaba o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotga ega bo‘lmasa, u holda 3-kursdan boshlab maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyatni amalga oshirishi mumkin va unga o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotga ega bo‘lgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy ta’rif stavkasida maosh to‘lanadi.

 

Agar shu sohada talabaning o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumoti bo‘lsa, u holda 2-kursdan ishlashi mumkin bo‘ladi.

 

Lekin, alohida malaka talab qilmaydigan boshqa sohalarda istalgan kursdan bemalol ishlash mumkin.