Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 21-maydagi 139-son qaroriga ilovada tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 7-bandida taʼlim muassasalarida oʻtkaziladigan oʻquv mashgʻulotlari va tadbirlar (saflanish, tarbiyaviy soatlar, bayram, sport tadbirlari va shu kabilar) boshlanishidan oldin taʼlim oluvchilar:
– telefonini oʻchirib qoʻyishi;
– telefonini portfeli, sumkasi va shu kabilarga solib qoʻyishi shartligi belgilangan.
Shunday ekan har bir oʻquvchi maktab hududiga kirganda yuqoridagi harakatlarni amalga oshirishi shart.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2023-yil 31-avgustdagi 282-son buyrugʻiga 1-ilovada tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari 9-bandiga koʻra oʻquvchilar tomonidan mobil telefondan foydalanish qoidalariga rioya etilishini barcha pedagoglar, jumladan sinf rahbarlari shaxsan nazorat qiladi.
Bunda oʻqituvchi tomonidan ogohlantirilishiga qaramay dars jarayonida telefondan foydalanish holatlari davom etganda fan oʻqituvchisi, sinf rahbari, direktor oʻrinbosari, psixolog (inspektor-psixolog) ishtirokida oʻquvchining telefoni (smartfon, planshet va boshqa qurilmalar) olib qoʻyiladi va holat yuzasidan maktab direktori hamda oʻquvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari ogohlantiriladi.
Mana shu qoidaga koʻra oʻquvchi dars jarayonida telefondan foydalansa, oʻqituvchi birinchi rahbariyatga xabar berishi va yuqoridagi harakatlarni amalga oshirish kerak.
Bunday holatda ota-onaga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 47- ikkinchi qismi bilan javobgarlik chorasi qoʻllaniladi. Yaʼni Xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Avvalroq, qanday holatlarda oʻquvchilarga maktabda telefondan foydalanishga ruxsat berilishi haqida xabar bergan edik.
