Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro tumanida davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan “Kobdin g‘unchalari” maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi tomonidan tarbiyalanuvchilarga nisbatan qo‘pol munosabat aks etgan videolavha tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan rasmiy munosabat bildirildi. Unga ko‘ra, vaziyat belgilangan tartibda o‘rganib chiqilgan.
O‘rganish jarayonida voqea joriy yilning 10-dekabr kuni tarbiyachi N.S tomonidan mashg‘ulot vaqtida sodir bo‘lganligi aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, tarbiyachining xizmat vazifasini bajarishda qo‘pol xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yganligi sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Shuningdek, tashkilot pedagogik jamoasi o‘rtasida bola bilan muomalada pedagogik etika, madaniyat va kasbiy talablarning so‘zsiz bajarilishi bo‘yicha qo‘shimcha tushuntirish ishlari olib borilgan.
Ma’lumot o‘rnida, maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning tegishli bandlariga ko‘ra:
– nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida sanitariya qoidalari, gigiyena talablariga qat’iy rioya qilish;
– tashkilotni malakali pedagogik va boshqa kadrlar bilan ta’minlash, o‘quv-tarbiya jarayonini amaldagi qonunchilikka muvofiq tashkil etish;
– tarbiyalash va o‘qitish sifatini ta’minlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tashkilot zimmasiga majburiyat sifatida yuklangan.
Agar ushbu talablar bir necha marotaba buzilsa yoki aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha davlat sherigining yozma ko‘rsatmalari bajarilmasa, bitimga muvofiq, davlat sherigi tomonidan sheriklik bitimi bir tomonlama bekor qilinishi belgilangan.
Avvalroq, davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha ochish uchun qanday hujjatlar talab qilinishi haqida xabar bergan edik.
