Kuni kecha dunyoning eng nufuzli reyting tashkilotlaridan biri hisoblangan Quacquarelli Symonds 2024-yilgi QS Stars audit baholash reytingi natijalarini e’lon qildi.
Reytingda 8 ta faoliyat yo‘nalishi va 50 dan ortiq ko‘rsatkichlar bo‘yicha nufuzli dunyo universitetlari faoliyati chuqur tahlil qildi. Unga ko‘ra Samarqand davlat universiteti ishtirok etgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal 1000 balldan 780 ballni to‘plab, 5 yulduzli universitet maqomiga ega bo‘ldi.
Universitet ta’lim sifati kategoriyasi bo‘yicha mavjud 4 ta ko‘rsatkichning 3 tasi, jumladan, talabalarning ta’lim sifati va universitetda yaratilgan sharoitlardan qoniqish darajasi, bitiruvchilarning ta’limni keyingi bosqichlarida davom ettirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha maksimal ballni qo‘lga kiritgan.
QS stars reyting tizimi universitetlarga xorijlik talabalarni muayyan ustuvor fan yo‘nalishlari bo‘yicha jalb etishga yordam beradi.
Oliy ta’lim muassasalarimizning ta’lim sifati QS kabi xalqaro miqyosda ishonchli tashkilot tomonidan e’tirof etilishi jahon hamjamiyati o‘rtasida o‘z brendini rivojlantirish va bozor ehtiyojlariga mos keladigan akademik dasturlarni taklif qilish imkonini beradi.
Ma’lumot o‘rnida, 2023-yilgi reytingda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 5 yulduzli universitet sifatida e’tirof etilgan edi. Bundan tashqari, 6 ta oliy ta’lim muassasamiz ushbu reytingda 4 yulduzli universitet maqomiga ega bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Oʻzbekistonning 2 ta oliygohi QS reytingida dunyoning eng nufuzli universitetlari TOP-1000 taligidan o‘rin egallagandi.