AQShning Texas shtatidagi Xyuston shahrida joylashgan Lunar and Planetary Institute (LPI) tomonidan yozgi amaliyot dasturi eʼlon qilindi.
The LPI Summer Intern Program dasturi astronomiya sohasidagi bakalavr talabalariga zamonaviy tadqiqotlar olib borish, astronomiya sohasi boʻyicha yetakchi mutaxassislardan dars olish va va ushbu soha boʻyicha ajoyib karyerasini yaratganlar bilan tanishish imkoniyati yaratadi.
Dasturga qabul qilingan ishtirokchilar 2026-yil 1-iyundan 7-avgustgacha yaʼni 10 hafta davomida amaliyot olib borishadi. Amaliyot davomida talabalar soha boʻyicha bilimlarni oshirishga moʻljallangan maʼruza va seminarlarda ishtirok etishadi.
Dasturda 50 kredit soatdan ortiq oʻqigan (kamida 1-kursni tugatgan) barcha bakalavriat talabalari ishtirok etishlari mumkin. Ammo, fizika, tabiiy fanlar, kompyuter fanlari va matematika sohasi talabalariga ustunlik beriladi.
Dasturga ariza topshirish jarayoni 2025-yil 12-dekabrgacha davom etadi. Amaliyot NASA Jonson Koinot markazi (NASA Johnson Space Center)da boʻlib oʻtadi.
Dastur davomida ishtirokchilarning turar-joy, yashash, transport va shu kabi xarajatlarni qoplash uchun $13,351 miqdordagi bir martalik stipendiya taqdim etiladi. Xalqaro talabalarga AQShga kelish uchun $1,500 mablagʻ ajratiladi.
Dastur haqida ushbu havola orqali toʻliq maʼlumot olish mumkin.
Maqbullik shartlari
Dasturda ishtirok etish uchun quyidagi talablar mavjud:
- Dasturda kamida 50 kredit soat oʻqigan talabalar ishtirok etishlari mumkin (Bu Oʻzbekistondagi taʼlim tizimida 2 yoki 3 semestrga toʻgʻri keladi);
- Istalgan soha boʻyicha oʻqiyotgan bakalavrlar ushbu dasturga ariza topshirishi mumkin;
- Nomzodlar fizika, tabiiy fanlar, kompyuter yoki matematika sohasida oʻqiyotgan boʻlsalar, saralash jarayonida ustunlik beriladi;
- Dasturga jinsi, yoshi, nogironligi, tashqi koʻrinishi, irqi, dini va boshqa holatlardan qatʼi nazar barcha ishtirok etishi mumkin;
- Nomzodlar ingliz tilini yaxshi bilishlari va xalqaro sertifikatga (IELTS yoki TOEFL) ega boʻlishlari kerak.
Nomzodlarni saralashda quyidagi mezonlardan foydalaniladi:
- Stipendiya, oʻquv dasturi va tajriba;
- Ilmiy qiziqish va karyera maqsadlari;
- Nomzod qiziqishlarining mavjud tadqiqot loyihalariga mosligi.
Dastur talablari haqida ushbu havola orqali batafsil maʼlumot olish mumkin.
Foydali tomonlari
Dasturning quyidagi foydali jihatlari mavjud:
- AQShga chet eldan keladigan nomzodlarga davlatga kelish xarajatlari uchun $1,500 gacha mablagʻ ajratiladi;
- Amaliyot davomida ishtirokchilarning safar, yashash va turar-joy xarajatlarini qoplash maqsadida $13,351 miqdoridagi bir martalik stipendiya toʻlab beriladi (10 hafta uchun).
Dasturning foydali jihatlari haqida ushbu havola orqali batafsil maʼlumot topish mumkin.
Amaliyot boʻyicha maʼlumotning pdf shaklini ushbu havola orqali yuklab olish mumkin.
