Osiyo universitetlari orasida toʻqqizinchi oʻrinda turuvchi, ilm-fan va texnikaga ixtisoslashgan Janubiy Koreyaning eng oldi universiteti — KAIST 2026-oʻquv yilidan boshlab bakalavr bosqichini toʻla moliyalashtirilgan holda bepul oʻqish istagida boʻlganlarga grant ajratishini maʼlum qiladi.
Oʻqishga qabul qilingan talabalar dastlabki oʻquv yilida umumiy fanlardan saboq olib, 2-kursdan boshlab oʻzlarini qiziqtirgan yoʻnalishlardan biri: tabiiy va hayotiy fanlar, injenerlik, bioinjeneriya, biznes boʻyicha tahsil olishni davom ettiradilar.
Grant yutib olgan eng salohiyatli hamda iqtidorli talabalar oʻquv xarajatlarida toʻla ozod qilinish bilan birga, oylik stipendiya va bepul tibbiy sugʻurta bilan taʼminlanadilar. Talabalarga qoʻyiladigan yagona talab esa fanlarni aʼlo darajada oʻzlashtirish va doimiy izlanishdan toʻxtamaslikdir.
Maqbullik shartlari
Dasturning maqbullik shartlari:
- 2026-yil 31-avgustigacha o‘rta maktabni tamomlagan yoki tugatadigan nomzodlar ariza yuborishi mumkin (erta qabul uchun);
- Arizachining ota-onasi ham, oʻzi ham Janubiy Koreya fuqarosi boʻlmasligi kerak (Xalqaro talabalar uchun);
- Ariza bergan vaqtida nomzod boshqa universitetga hujjat topshirmagan boʻlishi shart;
- Kelib chiqishi koreyalik boʻlgan abituriyentlar maktabni Koreyadan tashqarida bitirgan boʻlishlari lozim;
- Stipendiya iqtidorli talabalargagina berilgani bois, talaba birinchi oʻquv yilini 4.3 dan kamida 2.7 natija (GPA) bilan tugatishi shart.
Eslatma: Dasturga Koreya fuqarolari ham ariza topshira oladilar. Talablar bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.
Foydali tomonlari
Grant yutib olgan arizachilar uchun quyidagi imtiyozlar belgilangan:
- 8 ta semestr (4 yil) uchun oʻqish pulidan ozod qilinadilar.
- Yashash xarajatlari uchun 350,000 KRW (~$240) oylik stipendiya toʻlanadi.
- Tibbiy sugʻurta puli qoplab beriladi.
KAIST universiteti uchun uchta qabul muddati:
- erta qabul;
- doimiy qabul;
- kechki qabul (kuzgi semestr uchun) mavjud.
Doimiy qabulga ariza yuborishning oxirgi muddati: 06-yanvar, 2026-yil.
Qabul vaqtlari bilan bu yerda batafsil tanishish mumkin.
Arizasi muvaffaqiyatli qabul qilingan nomzodlar intervyu uchun taklif qilinadilar. Intervyu muddati va yakuniy natija xabarini oʻtkazib yubormaslik uchun arizachilardan elektron pochtalarini doimiy tekshirib turish soʻraladi. Qabul, intervyu va yakuniy natija muddatlari bilan batafsil bu sahifada tanishish mumkin. Grant uchun alohida hujjatlar talab qilinmagani bois, yakuniy xulosaga koʻra oʻqishga qabul qilingan barcha talabalar avtomatik tarzda KAIST grantiga tavsiya etiladilar.
