Yevropada magistratura bosqichini oʻqish imkonini beruvchi qoʻshma dastur

Yevropada magistratura bosqichini oʻqish imkonini beruvchi qoʻshma dastur

Yevropada magistratura bosqichini oʻqish imkonini beruvchi qoʻshma dastur — Erasmus Mundus joint Master in Imaging taqdim etiladi. Dastur yiliga taxminan 15 ta nafar nomzodni tanlab olib moliyaviy yordam koʻrsatadi.

 

Dastur talabalarga tegishli sohalarda mustahkam nazariy bilim berish, shuningdek, tasvir, video va koʻp oʻzgaruvchan vizual signallarni chuqur tushunish imkoniyatini yaratishga hamda vizual AI texnologiyasining imkoniyatlari va cheklovlarini tushuntirishga qaratilgan.

 

Erasmus Mundus dasturi ushbu sohada mutaxassislarni tayyorlash uchun yetakchi Yevropa universitetlarini birlashtirgan dasturlardan biridir.

 

Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.

 

Maqbullik shartlari

 

  • Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, kompyuter yoki elektrotexnika boʻyicha yoki tegishli sohada bakalavr darajasi ega boʻlish lozim;
  • Nomzod oʻzi tanlagan yoʻnalishining muvofiqlik talablariga mos kelishi kerak;
  • Yuqori akademik koʻrsatgichlarga ega boʻlish soʻraladi:
    • Matematika/amaliy matematika boʻyicha kamida 30 ECTS krediti (ehtimollik nazariyasi va statistikasi hamda chiziqli algebra kurslarini oʻz ichiga olgan holda);
    • Kompyuter muhandisligi boʻyicha 60 ECTS krediti yoki unga tenglashtirilgan daraja (shu jumladan obyektga yoʻnaltirilgan dasturlash kursi va quyidagi ikkita kursdan biri: maʼlumotlar bazalari yoki signal va tasvirlarni qayta ishlash).
  • Bakalavriatning soʻnggi yilida oʻqiyotgan talabalar ham ariza berishlari mumkin. Agar talablarga javob bersa, shartli ravishda qabul qilinadi.

 

Ingliz tilini bilishga qoʻyilgan talablar:

 

  • IELTS — 6.0 (akademik);
  • TOEFL: CBT -210/IBT – 78/PBT- 547;
  • TOEFL ITP® Plus for China — 543;
  • TOEFL iBT® Special Home Edition English certificate;
  • CPE/CAE — C.

 

Muhim: Agar nomzod Yevropa Ittifoqi/Yevropa Iqtisodiy Hamdoʻstligi mamlakatlari, Shveysariya, AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Avstraliya yoki Yangi Zelandiyada ingliz tili oʻqitish tili boʻlgan yuqori oʻrta taʼlim yoki universitet darajasini tamomlagan boʻlsa, til bilish koʻnikmalarini maxsus testlarsiz ham isbotlay oladi.

 

Saralash mezonlari:

 

  • Yuqori akademik natijalar va CV;
  • Motivatsion xat;
  • Tavsiyanoma.

 

Eslatma: Har bir mezon uchun alohida baho beriladi. Yakuniy baho 100 ballik shkalada belgilanadi va shunga asoslanib ishtirokchilar saralanadi.

 

Maʼlumot uchun: ECTS (European Credit Transfer and Accumulation System) — bu Yevropa kredit tizimi hisoblanadi. U Yevropa universitetlarida kurs yoki fan boʻyicha oʻqish hajmi yoki ish yuklamasini oʻlchash uchun ishlatiladi.

 

Maqbullik shartlari va ariza topshirish haqida batafsil bu yerda.

 

Foydali tomonlari

 

  • Ishtirokchilar oʻqish toʻlovlaridan ozod qilinadi;
  • Tibbiy sugʻurta, turar joy, ovqatlanish, viza va sayohat xarajatlari qoplanadi;
  • Oyiga 1400 yevro miqdorida stipendiya beriladi (maksimal 24 oy davomida).

 

Dasturning foydali tomonlari haqida batafsil ushbu havola orqali tanishib chiqish mumkin.

 

Hujjat topshirish

 

Hujjat topshirish bosqichlari:

 

  1. Dasturga ariza topshirish Konsorsium portali (Consortium portal) orqali amalga oshiriladi.
  2. Hamkor universitetlar tomonidan oʻtkazilgan muvofiqlik tekshiruvidan soʻng, arizalar saralanadi.
  3. Saralangan ishtirokchilar POLIMI ga qabul qilinish huquqiga ega ekanligiga ishonch hosil qilish uchun 2026-yil 26-fevralgacha Milan politexnika universitetiga (Politecnico di Milano) ariza topshirishlari kerak boʻladi. Ushbu nomzodlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri elektron pochta orqali bogʻlanishadi. Aks holda, ularning EMJM in Imaging uchun topshirgan arizasi haqiqiy hisoblanmaydi.
  4. Tanlov qoʻmitasi Asosiy roʻyxat, Zaxira roʻyxati va Tanlanmagan talabalar roʻyxatini belgilaydi. Keyin roʻyxatlar tasdiqlash uchun Yevropa Komissiyasiga yuboriladi.
  5. Nomzodlarga VISA arizasini boshlash uchun barcha zarur maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan rasmiy qabul xatlari elektron pochta orqali yuboriladi.
  6. Tanlanganlar keyingi oʻquv yilining boshida EMJM in Imaging dasturida oʻqish qarorini tasdiqlash uchun talabalik shartnomasini imzolaydi.
  7. Zaxira roʻyxatidagi ishtirokchilarga magistraturaga oʻz mablagʻlari hisobidan talabalar sifatida qoʻshilish taklif etiladi.
  8. Tanlangan talabalarning yakuniy roʻyxati Yevropa Komissiyasining EACEA (Taʼlim, audiovizual va madaniyat ijrochi agentligi) tomonidan tasdiqlangandan soʻng, ular belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha universitetdan roʻyxatdan oʻtishi kerak.

 

Kerakli hujjatlar (barcha hujjatlar PDF shaklda 2 MB dan kichik hajmda yuklanishi kerak):

 

  • Pasport (afzalroq) yoki shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
  • CV: maksimal 2 sahifa;
  • Motivatsion xat;
  • Bakalavr darajasining sertifikati/diplomning asl tilidagi skanerlagan nusxasi hamda ularning ingliz tilidagi tasdiqlangan tarjimasi (oʻrta maxsus taʼlimga oid hujjatlar nusxasi talab qilinmaydi);
  • Akademik traskriptlar va/yoki diplom qoʻshimchasining asl tilidagi skanerlagan nusxasi hamda ularning ingliz tilidagi tasdiqlangan tarjimasi;
  • 1 ta tavsiyanoma;
  • Ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi hujjatlar.

 

Eslatma: Saralanganlarga barcha koʻrsatmalar bilan fevral oyining oʻrtalariga qadar xabar beriladi. Saralanganlikdan qatʼi nazar, birinchi ariza berish bosqichida ariza bergan barcha nomzodlar yakuniy tanlov natijalarini 2026-yil apreliga qadar oladi.

 

Ariza berish uchun maxsus toʻlov talab qilinmaydi. Biroq tegishli universitetlar hujjat topshirish uchun toʻlov talab qilishi mumkinligini inobatga olishi kerak.

 

Maqbullik shartlari va ariza topshirish haqida batafsil bu yerda.

 

2026/2027 oʻquv yili uchun dasturga jami ikki marta ariza topshirish mumkin:

 

  1. Birinchi ariza berish davri 2025-yil 17-noyabrdan (12:00) 2026-yil 9-yanvargacha (18:00) davom etadi.
  2. Ikkinchi ariza berish davri keyinroq eʼlon qilinadi.

 

Natijalarni eʼlon qilish:

 

  • Birinchi ariza berish bosqichi uchun: 2026-yil aprel oyining boshida nomzodlarga tanlov natijalari haqida elektron pochta orqali xabar beriladi.
  • Tanlangan nomzodlar tanlov natijalari eʼlon qilinganidan keyin ikki hafta ichida taklifni qabul qilishlari kerak.
  • Aprel/may oylarida zaxira roʻyxatidagi ishtirokchilarga dasturga qabul qilinishi mumkinligi haqida xabar beriladi.
  • Dasturga taklif qilingan zaxira roʻyxatidagi nomzodlar taklifni olganlaridan keyin ikki hafta ichida ushbu taklifni tasdiqlashlari kerak.