Har yili 100 nafar eng iqtidorli yoshlar AQSH, BAA va Yevropaga stajirovkaga yuboriladi

Har yili 100 nafar eng iqtidorli yoshlar AQSH, BAA va Yevropaga stajirovkaga yuboriladi

Bugun, 28-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev byurokratiyani bartaraf etish va sunʻiy intellektga bagʻishlangan xalqaro forumlar ochilishida ishtirok etib, sunʻiy intellekt sohasini rivojlantirish boʻyicha rejalarni aytdi:

 

– “Nvidia” kompaniyasi bilan superkompyuter klasteri ishga tushiriladi, AQSHning Kremniy vodiysida Milliy transfer ofisi ochiladi, barcha hududlardagi “Kelajak markazlari”da SI boʻyicha maktab dasturi joriy qilinadi;

 

– maktablar oʻrtasida har yili sunʻiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap gʻoyalari boʻyicha tanlov oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Har bir hududda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan maktabda eng zamonaviy sunʻiy intellekt laboratoriyasi tashkil etiladi;

 

– Sunʻiy intellekt boʻyicha Prezident tanlovi tashkil etiladi. Har yili 100 nafar eng iqtidorli yoshlar saralab olinib, AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropaning ilgʻor texnologik kompaniyalariga stajirovkaga yuboriladi;

 

– yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yirik tashabbus – “5 million sunʻiy intellekt yetakchilari” loyihasiga start beriladi.

 

– 2030-yilga qadar 4,75 million oʻquvchi va talaba, 150 ming oʻqituvchi, 100 ming davlat xizmatchisi oʻqitiladi. Bunda sunʻiy intellekt maktab, kasb taʻlimi va oliy taʻlim tizimlariga ham integratsiya qilinadi;

 

– har yili noyabr oyi “Yoshlar uchun sunʻiy intellekt oyligi” deb eʻlon qilinadi va doimiy ravishda “Ipak yoʻli sunʻiy intellekt forumi” oʻtkazib boriladi.

 

Avvalroq, Prezident forumda raqamli transformatsiyani tezlashtirish, sun’iy intellektni barcha sohalarga joriy etish va yoshlar uchun yangi texnologik imkoniyatlar yaratishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surganligi haqida xabar bergan edik.