Odatda chet elda bakalavr yoki magistratura oʻqimoqchi boʻlgan talabalar xorijiy universitetlarga hujjat topshirishda “GPA nima?”, “GPA qanday hisoblanadi?” degan savollarga duch kelishadi.
GPA nima?
Bakalavr yoki magistratura talabalari, shuningdek, maktab oʻquvchilarining darslarni qay darajada oʻzlashtirayotganligini koʻrsatib turuvchi oʻrtacha baholar koʻrsatkichi bu GPA deb ataladi. Demak, GPA bu qandaydir imtihon yoki test emas.
GPA – Grade Point Average maʼnosi “oʻrtacha ball koʻrsatkichi” boʻlib, 1-4 shkalada diplom yoki attestat (shahodatnoma)dagi baholarning oʻrtachasiga qarab talabaning darslarni qay darajada oʻzlashtirilganini aks ettiradi. Bu oʻrtacha baho koʻrsatkichi, yaʼni GPA odatda universitetga qabul qilinishda sizning universitet standartlariga javob berishingiz yoki bermasligingizni aniqlab beradi.
Shuningdek, xorij universitetlariga bakalavr yoki magistr darajasiga oʻqishga kirganingizda, sizning GPA’ngiz eʼtibor berilishi kerak boʻlgan eng muhim narsalardan biridir. Bu sizning talaba sifatida qanday bilimga egaligingizni koʻrsatishi bilan bir qatorda, universitetdan grant yutish yoki moliyaviy yordam olishingizda ham muhim rol oʻynaydi.
Oʻzbekiston baholash tizimida GPA qanday hisoblanadi?
1-qadam. Baholaringizni amerikacha tizimga oʻtkazing.
Bunda:
– 5 baho=A= 4,0;
– 4 baho =B= 3,0;
– 3 baho =C=2,0;
– 2 baho =D= 1,0.
Agar baholaringiz ballik tizimda boʻlsa:
– 86-100 ball = aʼlo = 4,0;
– 71-85 ball = yaxshi = 3,0;
– 56-70 ball = qoniqarli = 2,0;
– 0-55 ball=qoniqarsiz=1,0.
2-qadam. Amerikacha tizimga oʻtgan (1-4) ballaringizning har birini oʻsha fan oʻtilgan jami soatlarga koʻpaytiring va hamma natijalarni qoʻshib, umumiy yigʻindini toping.
Masalan:
– 4*102 (Falsafa)+ 3*189 (tarix)+ 3*151;
– (Ona tili) +2*200 (Matematika) = 1 828.
3-qadam. Barcha fanlar uchun umumiy soatlar sonini hisoblang, masalan:
102 +189 + 151 + 200 = 642
4-qadam. Soatlar va baholar koʻpaytmalari yigʻindisi (1828)ni jami soatlar soni (642)ga boʻling:
1828 ÷ 642 = 2,84
Xulosa: toʻrtta fan boʻyicha GPA – 2,84.
Shuningdek, siz amerikacha tizimga oʻtkazilgan baholaringizni mana bu onlayn GPA kalkulyator orqali osonroq hisoblashingiz mumkin:
Bunda siz semestr davomida oʻqilgan fanni jami soatlarini va uning toʻgʻrisiga fandan semestr oxirida olgan yakuniy bahongizni kiritsangiz yetarli, kalkulyator oʻzi hisoblab beradi.
Onlayn GPA kalkulyator: https://oakland.edu/gpa-calculator/
Xorij universitetlariga kirish uchun GPA talablari qanday?
Chet elda oʻqish uchun minimal GPA talabi universitetga qarab farq qiladi, lekin 2.0 GPA odatda uchrashi mumkin boʻlgan eng past koʻrsatkichdir. Biroq, bunday past oʻrtacha koʻrsatkichlar bilan qabul qilinish juda qiyin. Koʻpgina Amerika universitetlarida raqobatbardosh nomzod boʻlish uchun kamida 3,0 GPAni saqlashni tavsiya qilamiz va agar siz nufuzli universitetlarga kirishni istasangiz, unda 3,5 yoki balandroq GPAga ega boʻlishga harakat qilishingiz kerak.
Bu, albatta, agar sizda yuqori GPA boʻlmasa universitetga qabul qilinmaysiz, degani emas. Sizning GPA ballingiz siz oʻlchanadigan mezonlarning faqat bir qismidir. Turli xil oʻtalgan amaliyotlar, SAT ballingiz va boshqa bir qator omillar ham sizning universitetga munosibligingizni aniqlash uchun rol oʻynamay qolmaydi.

