Xalqaro turizm akademiyasida dunyoning TOP-10 ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi

Xalqaro turizm akademiyasida dunyoning TOP-10 ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi

Prezidentning 2025-yil 20-noyabrdagi “Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ–350-son qarori qabul qilindi.

 

Qarorga koʻra, akademiya “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining tashkiliy tuzilmasiga kiradi.

 

Akademiyada o‘qitish O‘zbekiston Respublikasida amaldagi ta’lim shakllarida o‘zbek, rus va ingliz tillarida amalga oshiriladi.

 

Qayta tayyorlash o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga va malaka oshirish o‘quv kurslarini to‘liq o‘zlashtirgan tinglovchilarga sertifikat beriladi.

 

2025-yil 1-dekabrdan boshlab turizm sohasi subyektlari mutaxassislari o‘z mablag‘lari hamda ish beruvchi va buyurtmachi tashkilotlarning mablag‘lari (byudjetdan tashqari mablag‘lar) hisobidan shartnoma asosida qayta tayyorlanadi va malakasi oshiriladi.

 

Shuningdek, Universitet vasiylik kengashi Akademiyaning tuzilmasini, xodimlarining belgilangan cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida tasdiqlash hamda unga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega bo‘ladi.

 

Akademiyada Turizm qo‘mitasi raisi bilan kelishilgan holda Universitet rektori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.

Belgilab qo‘yilganki, 2025 yil 1 dekabrdan boshlab har yili Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo davlatlarning 100 nafar iqtidorli mutaxassislariga Akademiyaning qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv dasturlarida ta’lim olish uchun maqsadli grant ajratiladi.

 

Akademiyani saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajadagi byudjet mablag‘larining tasniflovchisi sifatida Turizm qo‘mitasiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi, 2026-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining parametrlaridan nazarda tutiladi.

 

Akademiya xodimlarining mehnatga haq to‘lovi hamda moddiy rag‘batlantirilishi universitet xodimlari uchun belgilangan tartibda muvofiq amalga oshiriladi.

 

Qarorga muvofiq, Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan quyidagi maqsadlar uchun 50 milliard so‘mgacha mablag‘lar Akademiyaga ajratilishini ta’minlanadi:

 

– turizm va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha dunyoning eng nufuzli top-10 reytingiga kirgan ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;

 

– turizm va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida xalqaro tan olingan yetakchi xorijiy tashkilotlar mutaxassislarini jalb qilish orqali Akademiyaning professor-o‘qituvchilari hamda respublikamiz turizm sohalarida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan mehmonxona va xizmat ko‘rsatish sohasidagi vakillarining malakasini oshirish, ilmiy-uslubiy yondashuvlarini yaxshilash va qayta tayyorlash;

 

– turizm va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlovchi xalqaro tan olingan ta’lim tashkilotlarini jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash.

 

Shu jumladan, 2026-yil 1-yanvardan boshlab “Badiiy galereya” va “Labоratoriyа” hamda ularning faoliyati Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va universitet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Avvalroq, dunyoning eng nufuzli top-10 reytingiga kirgan taʼlim tashkiloti bilan hamkorlik oʻrnatish va mutaxassislar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish Akademiyaning maqsadli koʻrsatkichi etib belgilangani haqida xabar bergan edik.