Jizzax shahridagi Prezident maktabi  Xalqaro maktablar kengashi (CIS) a’zoligiga qabul  qilindi

Jizzax shahridagi Prezident maktabi  Xalqaro maktablar kengashi (CIS) a’zoligiga qabul  qilindi

Jizzax shahridagi Prezident maktabi  Xalqaro maktablar kengashi (CIS) a’zoligiga qabul  qilindi. Avvalroq, Toshkent, Nukus, Xiva, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Nurafshon va Buxoro shaharlaridagi Prezident maktablari ushbu nufuzli tashkilot safidan joy olgan edi.

 

Xalqaro maktablar kengashi (CIS) dunyo bo‘yicha ilg‘or maktablarni birlashtiruvchi nufuzli tashkilot hisoblanadi. A’zolik ta’lim muassasasining xalqaro miqyosda tan olinganini bildiradi, o‘quvchilarga chet eldagi nufuzli universitetlarda to‘liq grant asosida ta’lim olish imkoniyatini kengaytiradi hamda xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga zamin yaratadi.

 

CIS a’zoligiga qabul qilish jarayonida maktablarning faoliyati chuqur o‘rganiladi. Xususan, ta’lim dasturlarining joriy etilishi va dars jarayonlarining sifati, boshqaruv va ma’muriyat faoliyati, o‘quvchilarning farovonligi va xavfsizlik talablari, pedagoglarning malakasi, o‘quvchilar loyihalari va innovatsion tashabbuslari hamda xalqaro standartlarga mos baholash tizimi keng qamrovli tarzda baholanadi. Ishchi guruh ushbu jihatlarni sinchiklab ko‘rib chiqadi, pedagoglar, o‘quvchilar va ota-onalar bilan suhbatlar tashkil etadi.

 

CIS nizomiga ko‘ra, tashkil etilganiga kamida uch yil to‘lgan maktablar a’zolik arizasini topshirish huquqiga ega. Shu bois 2019-yilda faoliyat boshlagan Prezident maktablari allaqachon ushbu a’zolikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2021-yilda ochilgan 10 ta Prezident maktabi hozirda ushbu jarayondan bosqichma-bosqich o‘tmoqda.

 

Avvalroq, Buxoro Prezident maktabi CIS a’zolari safiga qo‘shilganligi haqida xabar bergan edik.