Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sanitariya qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻygan masʼullarga nisbatan 5671 ta holatda maʼmuriy choralar qoʻllanilib, 236 ta muassasalarining ish faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan. Bu haqda Sanepidqoʻmita axborot xizmati xabar berdi.
Unga koʻra, tibbiy koʻrikdan oʻz vaqtida oʻtmaganligi sababli 1095 nafar ishchi-xodim ishdan vaqtincha chetlashtirilgan. 9 yarim tonnadan ortiq miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari brakeraj qilingan.
2025-yilning oʻtgan 10 oyida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining hududiy boshqarmalari tomonidan 5448 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarida rejali tekshirishlar oʻtkazilgan.
Tekshirishlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan jami boʻlib, kimyoviy tahlillar uchun 134 ming 185 ta namunalar olingan, shulardan 4,8% talabga javob bermagan boʻlsa, bakteriologik tahlillar uchun olingan 130 ming 330 ta namunalardan 10,5% SanQvaN talablariga javob bermagan.
Shuningdek, guruhlarda xona haroratini (mikroiqlim koʻrsatkichlari) 32773 ta tekshirilgan, 4424 tasida harorat talab darajasida emasligi, yorugʻlik koʻrsatkichlari 55770 ta nuqtada oʻlchangan, 6809 tasida yoritilganlik pastligi maʼlum boʻlgan.
Tarbiyalanuvchilar ovqatlanishini toʻgʻri va xavfsiz tashkil etilganligi ustidan nazoratni amalga oshirish chogʻida mikrobiologik koʻrsatkichlarga tayyor oziq-ovqat mahsulotlaridan 14029 ta namuna olingan, 706 ta talabga javob bermagan, ichimlik suvidan 8192 ta namunadan 489 ta talabga javob bermagan.
Kimyoviy tahlillar uchun ovqat toʻyimliligi 6696 ta namunalar tekshirilganida 1538 ta namunada ovqat toʻyimliligi pastligi, sabzavotlarda nitrat qoldiqlarini tekshirish uchun 16891 ta namuna tekshirilganida 324 ta namunada nitrat qoldiqlari aniqlangan.
