“Manchester Siti”ning sobiq futbolchisi Xan Vilxoft-King 19 yoshida Oksford universitetida huquqshunoslik boʻyicha oʻqish uchun professional faoliyatini toʻxtatishga qaror qildi. The Guardian nashrining xabariga koʻra, u Pep Gvardiola qoʻl ostidagi shiddatli mashgʻulotlar va oʻzidan qoniqmaslik hissi uning hayotida qanday keskin oʻzgarishlarga olib kelganini aytib oʻtgan.
Uilxoft-King avvalroq Premyer-liganing futbolchilaridan biri boʻlgan. Angliya yoshlar terma jamoasi sobiq aʼzosi oʻn yildan koʻproq vaqt “Tottenxem” akademiyasida murabbiy Yaya Ture bilan birga mashgʻulot oʻtkazgan va Antonio Konte qoʻl ostida tez-tez asosiy jamoa bilan shugʻullangan.
2024-yilda u “Manchester Siti”ning U-21 jamoasiga oʻtgandi.
Xan Vilxoft-King futbolda katta salohiyatga ega, markaziy yarim himoyachi sifatida professional oʻyinda uning taʼsir koʻrsatishi kutilardi. Biroq, u ilm borasida ham juda aqlli. Xususan, A-level imtihonlarida matematika, iqtisodiyot va tarix fanlaridan mos ravishda A*, A*, A natijasini koʻrsatgan.
Mavsum boshlarida, u universitetga ariza bergan va tayyorgarlik juda oz boʻlganiga qaramay huquq boʻyicha milliy testdan oʻtgan. Oksford uni intervyuga chaqirgan va yanvarda talabalikni taklif qilgan.
Maʼlum qilinishicha, u professional futbolni tashlab, Oksfordga ketish ustida koʻp oʻylagan. Koʻp odamlar unga “Nima uchun?” degan savol berishgan.
U holatni shunday izohlagan:
“Bu savolni atigi bir necha kunda 90 ga yaqin odam berdi. Oddiy qilib jarohatlar sababli deyishim mumkin.”
Xabar qilinishicha, asosiy sabab faqat jarohatlar emas. U har doim ilm-fanga qiziqqan. Bu ehtimol ota-onasidan: otasi Jorg falsafa boʻyicha universitet oʻqituvchisi boʻlgan, hozir esa xalqaro talabalarni yoʻnaltiruvchi kompaniyada ishlaydi, onasi Laura esa arxitektor.
Xan Vilxoft-King “Highgate Wood” maktabida 11‑sinfgacha oʻqigan va “Spurs” futbol akademiyasida unga matematika va iqtisodiyot boʻyicha shaxsiy oʻqituvchi berishgan. U haftada taxminan ikki marta shugʻullangan, qolgan vaqtini mustaqil oʻqishga ajratganini aytgan. Keyinchalik “Manchester Siti”da boʻlgan paytda tarix boʻyicha A-level sertifikatini olgan.
Futbolda “yetarlicha ragʻbatlanmaganini” his qilgan futbolchi shunday degan:
Uning aytishicha, agar u “League One” yoki “Championship”da oʻynab, yaxshi pul ishlasa ham, bunday hayotdan qancha rohat olishini bilmasdi. Eng yaxshi holatda ham, u 10–15-yil oʻynay olardi, ammo undan soʻng nima qilishi nomaʼlum edi. U universitetni tanlash orqali oʻz kelajagini 10–15-yildan ortiqroq muddatga rejalashtirgan.
