14 soat darsi bor oʻqituvchini soat 08:00 dan 16:00 gacha maktabda qolishga majburlash toʻgʻrimi?

14 soat darsi bor oʻqituvchini soat 08:00 dan 16:00 gacha maktabda qolishga majburlash toʻgʻrimi?

Savol: Assalomu alaykum. Men maktabda asosiy oʻrinda oʻqituvchi boʻlib ishlayman. 14 soat darsim va sinf rahbarligim bor. Rahbar meni 8:00 dan 16:00 gacha maktabda qolishimizga majbur qiladi. Maktab ichki tartib qoidasi shunday ekan. Biz bunga qoʻl qoʻygan ekanmiz. Men 14:30 da maktabdan ketyapman. Lekin rahbar tomonidan Dalolatnoma tuzdirilyapti. Dalolatnoma 3 ta tuzilganidan soʻng menga ogohlantirish berilar ekan va navbatdan tashqari pedkengash oʻtkazilib, meni ishdan haydab yuborar ekan. Bular qanchalik asosli?

 

Maktablarda ish vaqtiga oid qoidalar maktabning ichki mehnat tartib qoidalarida belgilanadi. Amaldagi mehnat qonunchiligi bu masalada aniq maxsus norma belgilamagan.

 

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 296-moddasiga koʻra, ichki mehnat tartibi qoidalari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq ishga qabul qilish va xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi, mehnat shartnomasi taraflarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, ish rejimi, dam olish vaqti, xodimlarga nisbatan qoʻllaniladigan imtiyozlar va jazo choralari, shuningdek ushbu ish beruvchida mehnat munosabatlarini tartibga solishga oid boshqa masalalarni tartibga soluvchi ichki hujjatdir. Demak, sizdagi holatda ham ish vaqtiga oid me’yorlar ushbu hujjatda belgilanadi.

 

Shuningdek, bunda oʻqituvchining ish vaqti uning ish yuklamasidan kelib chiqib aniqlanadi. 1 stakva miqdorda (yuqori sinflarda 20, boshlangʻich sinflarda 18 soat) ishlaydigan oʻqituvchi Mehnat kodeksining 184-moddasiga koʻra, haftasiga 36 soat ishlashi kerak.

 

Taʼkidlash kerakki, yuqoridagi me’yor faqat toʻliq stavkada ishlaydigan xodimlar uchun taalluqli.

 

Shunga koʻra, siz ham haftasiga 36 soat va kuniga 6 soat ishlashingiz lozim. Bunda Mehnat kodeksining 204-moddasiga koʻra ish kuni (smena) davomida xodimga dam olish va ovqatlanish uchun davomiyligi koʻpi bilan ikki soat va kamida oʻttiz daqiqa boʻlgan, ish vaqtiga kiritilmaydigan tanaffus berilishi kerak.

 

Shunga koʻra, sizdagi vaziyatda 1 soatlik (odatda tashkilotlarda bir soat) tanaffus vaqti ish vaqtiga kiritilmaydi. Demak, sizlardagi ish vaqti soat 8.30da boshlansa, 15.30da tugashi kerak deb hisoblaymiz. Bu norma 1 stavka ishladiganlar uchun qoʻllaniladi.

 

Yaʼni oʻqituvchi 2025/2026-oʻquv yilida toʻliq stavkada ishlasa, unda u haftasiga 36 soat ishlashi lozim.

 

Sizdagi vaziyatga kelsak, sizning stavkangiz 14 soat boʻlsa, unda sizning yuklamangiz 11.2 soatni tashkil etadi.

 

Shu sababli sizning ish vaqtingiz haftasiga jami 25.2 soat, kuniga esa 4,2 soatga toʻgʻri keladi.