Buyuk Britaniyaning eng obro‘li universitetlaridan biri — University of Oxford Oksfordning 1+1 MBA dasturida o‘qishni istagan nomzodlar uchun Oxford–Pershing Square Graduate Scholarships dasturini taklif qiladi. Ushbu dasturga akademik jihatdan kuchli, ijtimoiy faolligi yuqori, salohiyatli va tashabbuskor nomzodlar qabul qilinadi.
Dasturga qabul qilinganlar dunyoning eng nufuzli universitetida bepul tahsil olish, yetakchi professorlardan saboq olish hamda 2 yil davomida yillik stipendiya bilan ta’minlanish imkoniga ega bo‘ladilar.
Dasturda oldingi yillarda ishtirok etganlar haqida qo‘shimcha ma’lumotni ushbu havola orqali olish mumkin.
Maqbullik shartlari
Dasturda ishtirok etish uchun nomzod quyidagi talablarga javob berishi lozim:
- Oksfordning 1+1 MBA dasturi talablari bo‘yicha hujjat topshirgan va qabul qilingan bo‘lishi kerak;
- Yuqori akademik ko‘rsatkichlarga, GMAT/GRE sertifikatiga yoki shu yo‘nalishda e’tirof etilgan boshqa yutuqlarga ega bo‘lishi zarur;
- Kuchli yetakchilik qobiliyatiga ega bo‘lishi va buni ariza jarayonida aniq ko‘rsata olishi kerak;
- Oksfordning 1+1 MBA dasturi uning kelajakdagi karyerasiga qanday ta’sir qilishini asoslab bera olishi shart;
- Ingliz tilini mukammal darajada bilishi talab etiladi.
Dastur talablari haqida batafsil ma’lumotni ushbu havola orqali ko‘rish mumkin.
Foydali jihatlari
Dasturga qabul qilingan nomzodlar quyidagi imtiyozlarga ega bo‘ladilar:
- O‘qish davomida kontrakt to‘lovidan to‘liq ozod etiladi;
- 2 yil davomida yashash xarajatlari uchun yillik £20,780 (taxminan $27,296) stipendiya beriladi.
Eslatma: Joriy yilda dastur uchun atigi 5 nafar nomzod qabul qilinadi.
Hujjat topshirish tartibi
Dasturga ariza topshirish uchun nomzodlar tegishli kurs uchun onlayn ariza topshirishlari va koʻrib chiqilishi uchun 1+1 MBA dasturi arizasining “Funding” boʻlimiga motivatsion inshosini yuklashlari kerak. Insho 500 soʻzdan oshmasligi va ushbu savolga toʻliq javob berishi lozim:
“How do you intend to change the world and what does this tell us about you as a person?”
Magistratura kurslarining alohida ariza shakli, muddati va talablari mavjud. Batafsil ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Ariza topshirishning so‘nggi muddati — 2026-yil 7-yanvar.
Saralash bosqichidan o‘tgan nomzodlar ro‘yxati 2026-yil aprel oyining boshida e’lon qilinadi. Ular keyingi bosqich — suhbat uchun aprel oyi oxiri yoki may oyi boshlarida taklif qilinadi.
