Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi “Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayonini tashkil etish bilan bogʻliq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 824-sonli qarorida akademik mobillik jarayonining amalga oshirilish tartibi
Mobillik dasturi ikki yoki undan ortiq oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida oʻzaro taʼlim toʻgʻrisidagi kelishuv asosida tashkil etiladi.
Talaba almashinuvining ikki asosiy turi mavjud:
Erkin harakatlanuvchilar – talaba o‘z tashabbusi bilan boshqa hudud yoki mamlakatdagi universitetda ta’lim oladi.
Dastur doirasidagi talabalar – bu holatda universitet yoki fakultet boshqa OTM bilan kelishuv tuzib, almashinuv dasturlarini amalga oshiradi. Dasturlar milliy yoki xalqaro darajada bo‘lishi mumkin.
Akademik mobillikda talaba o‘qiyotgan OTM bilan hamkorlik qiluvchi xorijiy yoki mahalliy universitetlardan birida qisqa muddatga o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Almashinuv dasturlari:
– Qisqa muddatli – 1 haftadan 3 oygacha;
– Uzoq muddatli – 6 oydan 1 yilgacha davom etishi mumkin.
Dasturlar asosida talaba bir yoki ikki semestr davomida xorijda yoki boshqa viloyatda ta’lim olishi mumkin.
Akademik mobillikni taʼminlash va talabaning kreditlari oliy taʼlim muassasasi tomonidan tan olinishida quyidagi hujjatlardan foydalaniladi:
– fanlar katalogi;
– belgilangan shakldagi taʼlim toʻgʻrisidagi kelishuv, maʼlumotnoma va sertifikat.
Mazkur hujjatlar taʼlim olish natijalarini aks ettiradi va oliy taʼlim muassasasiga kreditlarni tan olish va koʻchirib oʻtkazish uchun asos hisoblanadi.
Talaba tomonidan oliy taʼlim muassasasi taʼlim dasturi boʻyicha toʻplangan kreditlar miqdori boshqa oliy taʼlim muassasasida belgilangan taʼlim olish natijalariga muvofiq oʻzlashtiriladigan kreditlar miqdoriga teng hisoblanadi.
Talaba joʻnatuvchi oliy taʼlim muassasasi tavsiyasiga asosan qabul qiluvchi oliy taʼlim muassasasiga akademik mobillikni amalga oshirish uchun zarur hujjatlarni topshiradi. Joʻnatuvchi oliy taʼlim muassasasi tomonidan talabaga belgilangan shakldagi transkript taqdim etiladi.
Talabaning akademik mobillik davrida oʻzlashtirilishi belgilangan taʼlim elementlarini joʻnatuvchi oliy taʼlim muassasasining roziligisiz va u bilan kelishmasdan oʻzgartirish mumkin emas.
Xorijdagi hamkor oliy taʼlim muassasalari, markazlar va tashkilotlarning taʼlim dasturlarida belgilangan taʼlim olish natijalari joʻnatuvchi oliy taʼlim muassasasining taʼlim dasturi boʻyicha taʼlim olish natijalariga mos kelishi yoki ularni toʻldirishi lozim. Mobillik vaqtida akademik yil koʻrsatkichlari tahlil qilinadi va nizomga asosan kreditlar tan olinishi belgilanadi.
Qabul qiluvchi oliy taʼlim muassasasida talaba tomonidan oʻzlashtiriladigan oʻquv elementlarining toʻplami va ular oliy taʼlim muassasasining taʼlim dasturiga integratsiya qilinganligi taʼlim toʻgʻrisidagi kelishuvda aniq koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
Qabul qiluvchi oliy taʼlim muassasasida oʻzlashtiriladigan kreditlar miqdori xorijda oʻqish davriga (3 — 6 oy yoki 1 — 3 yil) mutanosib boʻlishi kerak. Joʻnatuvchi oliy taʼlim muassasasi tomonidan mobillik davrida talabaning oʻzlashtirgan (toʻliq yoki qisman) kreditlari tan olinadi.
Talaba joʻnatuvchi oliy taʼlim muassasasiga qaytib kelgach, mobillik davrida toʻplangan kreditlar miqdoridan kelib chiqqan holda amaldagi tartib-qoidalar asosida uni keyingi kursga oʻtkazish yoki kursda qoldirish belgilanadi.
Oliy taʼlim muassasasi akademik mobillik dasturi boʻyicha rejalashtirilgan taʼlim elementlarini oʻzlashtirish uchun talabani belgilangan shakl asosida roʻyxatdan oʻtkazadi va mobillik davrida ushbu elementlarni oʻzlashtirish imkoniyatlari taʼminlanishi majburiyatini oladi.
Hamkor universitetlar, markazlar va tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan taʼlim dasturlari doirasida akademik mobillik uchun taʼlim toʻgʻrisidagi kelishuvlarni tuzish zarur hisoblanmaydi.
Taʼlim toʻgʻrisidagi kelishuvga muvofiq akademik mobillik davrida talabaning bilim darajasini aniqlovchi koʻrsatkichlar oliy taʼlim muassasalarining baholash tizimini boshqa baholash tizimlariga konvertatsiya qilish jadvali asosida qabul qilinadi.
Stajirovkani oʻtash boʻyicha kelishuv talaba, oliy taʼlim muassasasi va qabul qiluvchi tashkilot tomonidan uch tomonlama imzolanadi.
Stajirovka davomida talaba tomonidan oʻzlashtirilgan bilimlarning oshkoraligini taʼminlash va ularni tasdiqlash maqsadida qabul qiluvchi muassasa tomonidan stajirovkani oʻtaganlik toʻgʻrisida sertifikat beriladi.