«Yil o’qituvchisi» tanlovida natijalarni hisoblashga doir texnik xatolik tuzatilgan — vazirlik

«Yil o’qituvchisi» tanlovida natijalarni hisoblashga doir texnik xatolik tuzatilgan — vazirlik

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Attestatsiya va “Yil oʻqituvchisi” tanlovi doirasida oʻtkazilgan test sinovlarining dastlabki natijalari boʻyicha quyidagilarni maʼlum qildi:

 

Test topshiriqlarining birinchi bloki 40 ta savoldan iborat boʻlib, shundan:

 

35 tasi mutaxassislik (asosiy) faniga, 5 tasi kasbiy standartga oid savollardir.

 

Bu savollar test variantlari avtomatik generatsiya qilinish jarayonida aralashtirilgan holda joylashtirilgan.

 

Natijalarni hisoblashda 1–35-gacha boʻlgan savollarga berilgan toʻgʻri javoblar 3.1 ballga, 36–40-gacha boʻlgan savollarga berilgan toʻgʻri javoblar esa 1.1 ballga koʻpaytirilishi kerak edi.

 

Ammo variantlarda 1–40 raqamlar oraligʻida mutaxassislik va kasbiy standartga oid savollar aralashib tushgani kuzatilgan.

 

Natijada baʼzi hollarda kasbiy standart savollari uchun 3.1 ball, mutaxassislik fanlari uchun esa 1.1 ball bilan hisoblangan.

 

Keyingi bosqichda tizimda ushbu texnik xatolik bartaraf etilgan. Pedagogning natijalariga bloklar kesimida (mutaxassislik va kasbiy standart alohida) qayta aniqlik kiritildi. Natijalar standart koeffitsiyentlar asosida qayta joylashtirilib chiqildi.

 

Shu bilan birga, bu tuzatishlar attestatsiya natijalariga va toʻgʻri javoblar soniga taʼsir koʻrsatmaganligini alohida taʼkidlaymiz.

 

2-bosqich Pedagogik mahorat boʻyicha (10 ta test topshirigʻi) har bir toʻgʻri javob uchun — 2,1 ball berilgan. Pedagogik mahoratdan tushgan 10 ta savolda barcha ballar toʻgʻri joylashtirilgan.

 

Eslatib oʻtamiz, pedagoglarga tushgan savollar soni — mutaxassislik fanidan 35 ta va kasbiy standartdan 5 ta — hech qanday oʻzgarishga uchramagan.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi