Qo‘qon maktabida darsdan so‘ng karta o‘ynagan o‘quvchilar ishi intizomiy jazo bilan yakunlandi

Qo‘qon maktabida darsdan so‘ng karta o‘ynagan o‘quvchilar ishi intizomiy jazo bilan yakunlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qon shahridagi 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari dars paytida karta o‘ynab o‘tirgani haqida xabar tarqaldi.

 

 

Holat yuzasidan maktabgacha ta’lim boshqarmasi munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, mazkur holat tegishli tartibda o‘rganib chiqilgan. O‘rganish jarayonida hozirda ushbu ta’lim muassasasida 1317 nafar o‘quvchi ta’lim va tarbiya olayotgani, dars mashg‘ulotlari belgilangan jadval asosida tashkil etilgani hamda o‘quvchilar ularda faol ishtirok etayotgani aniqlangan.

 

 

Joriy yilning 30-oktyabr kuni dars mashg‘ulotlari tugaganidan so‘ng, maktabning 8-“A” sinf o‘quvchisi M.O. hamda 10-“V” sinf o‘quvchisi S.A. uylariga ketmay, maktab hovlisida karta o‘ynab o‘tirgan. Mazkur holatga maktab o‘qituvchilari va rahbariyati tomonidan e’tibor qaratilmagan, mas’ullar bunga loqaydlik bilan munosabat bildirgan.

 

 

Ma’lum qilinishicha, amaldagi belgilangan tartibga zid ravishda ichki qoidalarga rioya qilmaganliklari, ularni qasddan buzganliklari sababli mazkur tartibbuzar o‘quvchilarning ota-onalariga (birining onasiga, ikkinchisining otasiga) huquq-tartibot idoralari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi 1-qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

 

 

Shuningdek, o‘quvchilarni nazoratsiz qoldirganliklari va o‘z lavozim majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganliklari uchun maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari X.M., Sh.G‘., o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari X.S., X.M., shuningdek, tartibbuzar o‘quvchilarning sinf rahbarlari hamda maktab direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi F.U. ga nisbatan intizomiy “hayfsan” jazosi qo‘llanildi

 

 

Ushbu salbiy holat maktab pedagogik jamoasi yig‘ilishida muhokama qilinib, kelgusida bunday ta’lim-tarbiyaga zid holatlar takrorlanmasligi bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanganligini ma’lum qilamiz, deyiladi xabarda.