Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi 662-sonli qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 823-sonli qaroriga ayrim oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Xususan, umumta’lim muassasasining direktori va uning o‘rinbosarlariga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) natijasiga ko‘ra har oylik ustamalar to‘lash tartibi belgilandi.
Unga koʻra, umumta’lim muassasasining rahbar xodimlariga (direktor va uning oʻrinbosarlari) va oʻz faoliyatini soatbay haq toʻlash asosida amalga oshiradigan oʻqituvchilarga Nizomining 20-bandiga muvofiq belgilangan har oylik ustamalar belgilanmaydi.
Xalqaro matematika olimpiadasi – International Mathematical Olympiad (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi – International Physics Olympiad (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi – International Chemistry Olympiad (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi – International Biology Olympiad (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi – International Olympiad in Informatics (IOI) – fan olimpiadalarida oʻquvchilari gʻoliblikni qoʻlga kiritgan maktab rahbari (direktor) bundan mustasno.
Umumta’lim muassasalarining direktori va uning oʻrinbosarlari faoliyatining samaradorligi umumta’lim muassasasining quyidagi belgilangan koʻrsatkichlarga (keyingi oʻrinlarda – koʻrsatkichlar) muvofiq 100 ballik tizimda baholanadi:
– akademik natijalar;
– noakademik natijalar;
– tarbiyaviy ishlar samaradorligi;
– moliyaviy faoliyat samaradorligi;
– malakali oʻqituvchilar bilan ta’minlanganlik darajasi.
Koʻrsatkichlar boʻyicha baholash metodikasi va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Koʻrsatkichlar umumta’lim muassasasining Ichki guruhi tomonidan baholanadi.
Bunda baholash koʻrsatkichlari asosida umumta’lim muassasalari toʻplagan umumiy ballardan kelib chiqib, ushbu umumta’lim muassasasi direktori va uning oʻrinbosarlariga quyidagi miqdorlarda bir kalendar yil (yanvar-dekabr oylari) uchun bazaviy tarif stavkalariga nisbatan har oylik ustama belgilanadi:
a) umumta’lim muassasasi direktori:
– 61-70 ball toʻplasa – 3 foiz;
– 71-80 ball toʻplasa – 10 foiz;
– 81-90 ball toʻplasa – 15 foiz;
– 91-100 ball toʻplasa – 20 foiz;
b) umumta’lim muassasasi direktorining oʻrinbosarlari:
– 61-70 ball toʻplasa – 2,5 foiz;
– 71-80 ball toʻplasa – 5 foiz;
– 81-90 ball toʻplasa – 7,5 foiz;
– 91-100 ball toʻplasa – 10 foiz.
Direktor yoki direktor oʻrinbosarlari belgilangan har oylik ustama Jamgʻarmadagi mavjud mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
Bunda belgilangan ustamalar Jamgʻarmadagi mablagʻlardan oshib ketgan hollarda, mazkur belgilangan har oylik ustamalar tegishli miqdorda kamaytiriladi.
Har oylik ustama belgilanishi uchun direktor yoki direktor oʻrinbosarlari mazkur umumta’lim muassasasida kamida 9 oy davomida asosiy lavozimi boʻyicha faoliyat yuritgan boʻlishlari lozim.
Direktor yoki direktor oʻrinbosarlari oʻzi faoliyat yuritayotgan umumta’lim muassasasida boshqa lavozimga oʻtganda yoki boshqa umumta’lim muassasasiga ishga oʻtganda ularga tayinlangan har oylik ustamalar saqlanmaydi, bundan teng lavozimga rotatsiya qilingan holatlar mustasno.
Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi eng tajribali umumta’lim muassasalari direktorlaridan iborat boʻlgan Direktorlar kengashlarida faoliyat yuritayotgan umumta’lim muassasasi direktorlariga jamgʻarma hisobidan bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 20 foiz har oylik ustamalar toʻlanadi.
Mazkur direktorlar uchun Nizomning yuqoridagi bandiga asosida belgilangan koʻrsatkichlarga erishish darajasiga qarab belgilangan ustamalar tayinlanadi (direktor oʻrinbosarlari bundan mustasno).
