Joriy yilgi qabul jarayonlariga bir qancha o‘zgarishlar kiritildi. Qabul jarayonlari ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda imtihon topshiradigan fan, til va hudud, natijalar chiqqandan so‘ng esa, ikkinchi bosqichda yo‘nalish hamda OTM tanlanadi.
Shu yerda savol paydo bo‘ladi – joriy yilgi qabul jarayonlarida kasbiy-ijodiy imtihonlari qay tartibda amalga oshiriladi? Ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlar beshtagacha ta’lim yo‘nalishi va oliy o‘quv yurtlarini tanlay olishadimi? Abituriyentlar ikkinchi bosqichda tanlangan yo‘nalish doirasida hujjat topshirgan qolgan abituriyentlarning ham to‘plagan natijalarini bila olishadimi?
Shu kabi savollarga Bilim va malakalarni baholash agentligi boshlig‘i Jamshidbek Odilov Kun.uz saytiga bergan intervyusida javob berdi.
“Ma’lumki, joriy yilgi qabul jarayonlari ikki bosqichda amalga oshiriladi. Kasbiy ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlarga ham imtihonlar qolgan abituriyentlar bilan birdek boshlanadi. Lekin tartib biroz boshqacha, ya’ni kasbiy-ijodiy imtihon topshiradigan yo‘nalishlarga alohida iqtidor talab qilinadi. Shu sababdan ijodiy imtihon topshiradigan talabalar aynan qaysi yo‘nalishda imtihon topshirishlarini aniqlab olish uchun birinchi bosqichda tegishli yo‘nalishni tanlaydi.
Ijodiy imtihonlarni Bilimni baholash agentligi emas, OTMlar amalga oshiradi. Shuning uchun ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlardan birinchi bosqichda imtihon topshiradigan OTM ni tanlash talab etiladi. Ikkinchi bosqichda ular imtihon topshirgan oliy o‘quv yurtini tanlashi majburiy emas, beshtagacha boshqa ta‘lim muassasasini tanlashi mumkin. Ammo ularda birinchi bosqichda tanlagan yo‘nalishlarini o‘zgartirish imkoniyati yo‘q.
Shuningdek, bu yil abituriyentlar ikkinchi bosqich – ta’lim yo‘nalishi va OTM tanlashda oldingi yillardagidek, yo‘nalish doirasida imtihon topshirgan boshqa abituriyentlarning natijalarini bila olishmaydi. Ular avvalgi uch yilgi natijalar va o‘zlari to‘plagan baliga asoslangan holatda yo‘nalish tanlashlari mumkin”, – deydi Jamshidbek Odilov