Buyuk Britaniyaning nufuzli reyting tashkiloti “Times Higher Education” agentligi tomonidan 11-iyun kuni 2024-yil uchun “THE Impact Rankings” reytingi eʼlon qilindi.
Reytingda universitetlarning Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan 17 ta Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga (BRM) qoʻshgan hissasi tahlil qilingan.
Unda bu yil Oʻzbekistonning 53 ta oliy taʼlim muassasasi qayd etildi. Shulardan 7 tasi TOP-1000 talikdan joy oldi.
Jumladan:
Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti – 301–400-oʻrin
Toshkent davlat yuridik universiteti – 401–600-oʻrin
Oʻzbekiston milliy universiteti – 601–800-oʻrin
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti – 601–800-oʻrin
Samarqand davlat universiteti – 801–1000-oʻrin
Toshkent davlat texnika universiteti – 801–1000-oʻrin
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti – 801–1000-oʻrin
Reytingda, shuningdek, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti gender tengligi boʻyicha dunyoda 10-oʻrinni egalladi.
Maʼlumot o‘rnida, 2021-yilda eʼlon qilingan “THE Impact Rankings” reytingida yurtimizning 10 ta, 2022-yilda 30 ta, 2023-yilda esa 47 ta oliy taʼlim muassasalari oʻrin egallagan edi.
Eslatib o’tish joizki, yaqinda O‘zbekistonning ikkita universiteti dunyo OTM lari TOP-1000 talik qatoridan joy olgan edi.