Bugun xotin-qizlarga ajratiladigan grant uchun tavsiyanoma berish yakunlanadi. Jarayonga doir eng muhim ma’lumotlar

Ehtiyojmand oilalardagi va 5 yil staji bo‘lgan xotin-qizlarga qo‘shimcha davlat granti uchun tavsiyanoma berish bugun yakunlanadi. Quyida ushbu jarayon haqida eng muhim va dolzarb ma’lumotlar berilgan.

 

Davlat granti asosida o‘qishga kirish istagida bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning tanlovda ishtirok etishi uchun tavsiyanoma kimlarga beriladi?

 

– kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda kam ta’minlangan oila deganda, oilaning har bir a’zosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdori(980 ming so‘m)ning 0,527 baravaridan (516 ming so‘mdan) ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadga ega bo‘lgan oila tushuniladi;

 

– to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;

 

– turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;

 

– nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;

 

– ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;

 

– ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.

 

Tavsiyanoma yuqoridagi mezonlarga mos kelgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi.

 

Tavsiyanoma olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?

 

Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar tavsiyanoma olish uchun doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha yashash joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga elektron shaklda murojaat qiladi.

 

Tavsiyanoma muddati qancha?

 

5 yil stajga ega xotin-qizlar uchun 500 ta kvotaga tavsiyanoma 3 yilga, ehtiyojmand xotin-qizlar uchun 2 mingta kvotaga tavsiyanoma esa 1 yilga beriladi. Shundan kelib chiqib, o’tgan yili ehtiyojmand xotin-qiz sifatida tavsiyanoma olganlar yana qayta ariza yuborishlari kerak.

 

Tavsiyanomaga ega boʻlganlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har yili 15-iyulga qadar Bilim va malakalarni baholash agentligining abituriyentlar bazasiga kiritiladi.

 

Bir kishi ikkala turdagi tavsiyanomani ham olsa boʻladimi?

 

Belgilangan nizom shartlariga to’g’ri kelsa, bir kishi ham 5 yil stajga ega, ham ehtiyojmand xotin-qizlarga beriladigan tavsiyanomani olishi mumkin.

 

Tavsiyanomalar abituriyentlar tanlagan barcha ta’lim yoʻnalishlari uchun amal qiladimi?

 

Tavsiyanoma ajratilgan qoʻshimcha toʻrt foizli davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida ehtiyojmand xotin-qizlar roʻyxatdan oʻtishida tanlagan birinchi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etish huquqini beradi, ikkinchi va undan keyingi yoʻnalishlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

 

Tavsiyanomaga ega boʻlganlar uchun imtihon topshirish tartibi qanday?

 

Kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish boʻyicha belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

 

Tavsiyanoma asosida kimlar qo`shimcha grantga qabul qilinadi?

 

Kirish imtihonlarida toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam boʻlmagan ball toʻplagan tavsiyanomaga ega boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya etilgan holda, qoʻshimcha toʻrt foizli davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры