Davlat oliy ta’lim muassasalari va professional ta’lim tashkilotlariga 2024-2025 o`quv yili uchun qabul jarayonlari 5-iyundan boshlandi.
Bu yilgi qabul jarayonlari, kvotalar kesimiga bir qancha yangilik va o‘zgartirishlar kiritildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov va Bilim va malakalarni baholash agentligi direktor o‘rinbosari Farhod Mirzayevlar bu yilgi qabul jarayonlari bo‘yicha eng muhim savollarga javob berdi.
Kvotalar taqsimlanishi joriy yilda qanday amalga oshiriladi?
Joriy yilgi qabul jarayonlarida ta’lim yo`nalishlari bo`yicha davlat buyurtmasi kvotasi shakllantiriladi va oliy ta’lim muassasalari kesimida umumiy kvotalar tasdiqlanadi. Umumiy kvotadan yo‘nalishlar bo`yicha va ularning talab darajasidan kelib chiqib davlat grantiga ulushlar ajratiladi. Bundan kelib chiqib ta’lim muassasalari eng yuqori ball olgan abituriyentlarni ularning tanlovlaridan kelib chiqqan holda qabul qiladi.
Yo‘nalish bo‘yicha yuqori natijalarni qayd qilgan yoshlar qaysi o’quv yurtlarini tanlasa, ushbu ta’lim muassasalari belgilangan foiz chegaradan oshmagan holatda ko‘proq davlat grantini olish imkoniyatiga ega bo`ladi. Qabul jarayonidagi ushbu o`zgarishlar bilimli yoshlarning davlat grantida ta’lim olish ehtimolining va yaxshi deb bilgan OTMlarda grantda o‘qiydigan talabalar sonining oshishiga olib keladi.
Joriy yilgi qabul jarayonlari ikki bosqichda o‘tkaziladi. Bunda birinchi bosqichda abituriyentlar hujjat topshirish jarayonlarida fan majmuasi, imtihon topshirish tili va hududini tanlaydi. Ularga ta’lim yo‘nalishlari, Oliy o`quv bilim yurtlari va kvotalar haqida ma’lumotlar berilmaydi. Ikkinchi bosqich jarayonlari esa, imtihon natijalari e’lon qilingach amalga oshiriladi. Abituriyentlar o‘zlari to‘plagan balldan va imkoniyatlaridan kelib chiqib ta’lim muassasalari va yo‘nalishlarni tanlaydi.
Bu o‘z o‘zidan bilimli yoshlarning davlat grantida o‘qish imkoniyatining oshishiga olib keladi. Bundan tashqari natijalar orqali qaysi mutaxassisliklarga talab yuqoriligini aniqlashga va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi sog‘lom raqobatning yuzaga kelishiga ham sababchi bo‘ladi.
Joriy yilda talabalarga qanday qo‘shimcha imtiyozlar beriladi?
Shuningdek joriy yildan e’tiboran davlat grantida tahsil olgan talabalarga qo‘yilgan o‘qishni tamomlagach davlat tashkilotlarida uch yil davomida ishlab berish yuklamasi bekor qilindi. Bu qaror 2024-2025-o‘quv yilida qabul qilingan talabalarning bitirgan yilidan boshlab kuchga kiradi.
Magistraturaga qabul jarayonlariga ham ikki yillik natijalardan kelib chiqqan holda ayrim o‘zgartirishlar kiritildi. Bunda magistratura uchun hujjat topshirgan talabalardan xorijiy tillar mutaxassisligi yo‘nalishlarida C1, qolgan barcha yo‘nalishlarda esa B2 til sertifikatlari talab qilinishi belgilangan edi.
Buning natijasida juda ko`plab yo‘nalishlarda belgilangan kvotalar to‘lmay qoldi. Shundan kelib chiqib, bu yilgi qabul jarayonlarida 50 foiz va undan yuqori o‘rinlari bo‘sh qolgan mutaxassisliklar bo‘yicha talab qilinadigan til sertifikatlari darajasi B2 dan B1 ga tushirildi. Qolgan barcha talablar o‘zgarishsiz qoldi.
OTMga kira olmaganlar professional ta’lim tashkilotlariga qanday qabul qilinadi?
Abituriyentlar bir marta imtihon topshiradi va to‘plagan balli bilan oliy ta’lim muassasalariga yoki professional ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirishi mumkin. Bunda davlat OTMlariga tanlov e’lon qilingandan so‘ng, ularga kirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan yoshlarga 10 kun ichida professional ta’lim tashkilotlari va yo‘nalishlarini tanlab, o‘qishga kirish imkoniyati beriladi.